Avvalroq O‘zbekistondagi bir qator fintex-xizmatlar kartadan kartaga pul o‘tkazishda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish talabini joriy etgani haqida xabar berilgandi.
Markaziy bank bu funksiyani joriy etish bo‘yicha bank va to‘lov tashkilotlariga ko‘rsatma yuborgandi. Regulyator ushbu topshiriqqa qo‘shimcha sifatida yangi ko‘rsatmalarni e’lon qildi.
Unda moliyaviy tashkilotlardan mobil ilovalarning individual texnik yechimlari va foydalanuvchi interfeysining qulayligini saqlab, ularning o‘ziga xos arxitekturasi va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mazkur yo‘nalishni takomillashtirish uchun taklif va mulohazalarni Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamentiga taqdim etish so‘ralgan.
Shu bilan birga, ular mijozlar uchun raqamli xizmatlar qulayligini oshirish maqsadida P2P o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini o‘z ichki siyosatlari va texnik imkoniyatlaridan kelib chqib, ixtiyoriy tartibda — yangi parametrlar bilan kengaytirib yoki taklif etilganlarini kamaytirib joriy etishlari mumkinligi ma’lum qilindi.
Markaziy bank bu masala yuzasidan takomillashtirilgan mexanizm ishlab chiqilgandan so‘ng alohida tartibda ma’lum qilinishini bildirgan.
“Ilgari surilayotgan o‘zgarishlarning asosiy maqsadi onlayn platformalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish va naqdsiz hisob-kitoblar ko‘lamini kengaytirishdir. Bu esa foydalanuvchilar uchun yanada qulay xizmatlar va afzalliklar shakllanishiga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Yangi funksiyaga muvofiq, foydalanuvchi pul jo‘natishda quyidagi 16 ta banddan birini tanlashi kerak:
- tovarlar yoki savdo uchun to‘lov;
- ovqatlanish va taom xarajatlari;
- qarzni qaytarish;
- yordam puli;
- oilasiga yoki qarindoshlariga o‘tkazma;
- sovg‘a;
- yetkazib berish haqi;
- ijara to‘lovi;
- kommunal to‘lovlar;
- safar xarajatlari;
- ta’lim xarajatlari;
- tibbiy xarajatlar;
- xayriya;
- minnatdorchilik uchun to‘lov (choy puli);
- o‘yin-kulgi xarajatlari;
- investitsiya o‘tkazmalari.
Tranzaksiyani amalga oshirish uchun ro‘yxatda keltirilgan maqsadlardan birini tanlash majburiy hisoblanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi banklarda kartadan kartaga pul o‘tkazmalari va to‘lov xizmatlari uchun komissiyalar haqida yozgandi.