Avvalroq prezident raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda tadbirkorlar barcha hududlarda ham farmzonalar yo‘qligi sababli, ularga berilgan soliq imtiyozini boshqa korxonalarga ham qo‘llashni so‘ragani aytildi. Prezident buni qo‘llab-quvvatladi va farmatsevtika korxonalari uchun yangi imkoniyatlarni e‘lon qildi.
Joriy yil 1-apreldan boshlab qayerda joylashganidan qat‘i nazar, yangi farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish, dorivor o‘simlik yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishidagi loyihalar boshlanganidan e‘tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi.
Tadbirkorlar loyiha ishga tushgandan boshlab uch yil davomida foyda va mol-mulk soliqlarini to‘lamaydi.
Shu bilan birga, biologik faol qo‘shimcha va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilari ham xomashyo, uskuna, ehtiyot va butlovchi qismlar importi bojidan ozod qilinadi. Farmatsevtika korxonalariga o‘z liniyasida biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
Bundan buyon har yili 1-iyulgacha mahalliylashtirish tavsiya etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati tadbirkorlarga e‘lon qilib boriladi. Ro‘yxatdagi dorilarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga xorijiy valyutada 7%li kreditlar beriladi.
Shuningdek, mavjud mahsulotlari bo‘yicha mahalliylashtirishni chuqurlashtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 10 yilgacha xorijiy valyutada 6%li, milliy valyutada 12%li kredit ajratiladi.
Yig‘ilishda joriy yilda farmatsevtika bo‘yicha $1 mlrdlik yangi loyihalarni shakllantirib, boshlash zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, viloyatlar hokimliklari tomonidan jami $2,5 mlrdlik farmatsevtika loyihalari bo‘yicha takliflar tayyorlangan. Ushbu loyihalar hisobiga yiliga $1 mlrdlik import o‘rnini bosuvchi dorilarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Andijonda $203 mlnlik 16 ta loyiha amalga oshirish reja qilingan. Jumladan, $30 mlnlik loyihada O‘zbekistonda ilk bor qon plazmasidan inson albuminini ishlab chiqarishni boshlash ko‘zda tutilmoqda.
Sirdaryoda ham bu yil $188 mlnlik loyihani ishga tushirib, birgina Afg‘onistonning o‘ziga $50 mlnlik dori vositalarini eksport qilish rejasi bor. Lekin Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo hokimlari taklif qilayotgan loyihalar $100 mlnga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdim qilingan loyihalarning iqtisodiy samaradorligini o‘rganib, amalga oshirish choralarini ko‘rish topshirildi. Mutasaddilarga past quvvatda ishlayotgan yoki mulki bank balansiga olingan korxonalarni sog‘lomlashtirish dasturini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq dorixonalarda dorilarning elektron retsept asosida sotilishi ustidan nazorat kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.