Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oxirgi to‘qqiz yilda sohaga $1,8 mlrd investitsiya kiritilib, 140 ta yangi quvvat ishga tushdi, korxonalar soni 300 dan oshdi, shundan 58 tasi dori ishlab chiqaruvchilardir.

Ishlab chiqarish hajmi 3,5 marta o‘sib, 7,3 trln so‘mdan ortdi, mahalliy dori vositalari esa 2 karra ko‘paydi. O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari 55 ta davlatga kirib bordi. Farmatsevtika sohasidagi ish o‘rinlari soni 40 mingdan oshdi.

O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori $2,5 mlrdga yaqinlashdi.

“Tibbiyotdagi keng ko‘lamli islohotlarimiz, birlamchi bo‘g‘inda profilaktikaning kuchaytirilishi kasalliklarni davolash bilan birga uning oldini olishga qaratilgan preparatlarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Mutasaddilar oldida bu yil sohaga kamida $1 mlrd investitsiya jalb qilish va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Natijada 2030-yilgacha ichki iste‘molda mahalliy dorilar ulushini 70%ga yetkazish, kelgusi besh yilda esa eksportni $1 mlrdga olib chiqish rejalashtirilgan.

Bu borada 100 dan ziyod ishlab chiqaruvchilar, 50 dan ortiq importchilar, 300 ga yaqin ulgurji va chakana savdo korxonalari, investorlar bilan sohadagi masalalar muhokama qilindi, bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida katta qaror loyihasi tayyorlandi.

Shunday bo‘lsa-da, hokimlarda hududidagi farmatsevtika korxonalari bilan gaplashib, ular ko‘targan masalalarga yechim topadigan tizim yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Spot, avvalroq, 2026-yilda O‘zbekistonda 6 mingta import dori narxi pasayishi haqida yozgandi.