Xotin-qizlar o‘z uyida tadbirkorlik qilishi uchun yangi dasturyo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 6-mart kuni prezident ishtirokida o‘tkazilayotgan bayram tadbirida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Tadbirda ayollarni ishli va daromadli qilish masalasi hamisha e’tibor markazida ekaniligi qayd etildi. 2025-yil xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 23,5 trln so‘m kredit yo‘naltirildi. Natijada 425 mingdan ortiq ayollar tadbirkorlikka jalb qilindi.
Misol uchun, to‘qimachilik sohasida 300 nafar ayollarni band qilgan yangiariqlik Nargiza Bekmuratova o‘tgan yili ikkinchi fabrikani ochib, yana 100 ta ish o‘rni yaratdi. U 2025-yilda Anqara shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Xotin-qizlar uchun eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor ayol” nominatsiyasining g‘olibi bo‘ldi.
“Men bunday serg‘ayrat qizlarimizni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari deb bilaman. Ularni har qancha qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, — dedi prezident.
Joriy yilda 166 ming xotin-qiz zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari esa IT sohasiga o‘qitiladi. Shuningdek, xotin-qizlar o‘z uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturi boshlanadi.
Bu orqali lider tadbirkorlar ko‘magida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik yo‘nalishlarida 50 ming ayolning bandligi ta’minlanadi. Bundan tashqari, “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trln so‘m ajratiladi.
2026-yilda 1,5 mln ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 25 trln so‘mdan ziyod resurs yo‘naltiriladi.
Avvalroq Spot prezident 8-mart munosabati bilan bir guruh tadbirkor ayollar va top-menejerlarni mukofotlagani haqida yozgandi.