Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yangi avtomagistral qurish loyihasi ko‘rib chiqildi. Rejaga ko‘ra, ushbu yo‘lning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Shundan 140 kilometrlik uchastkalarda tuproqni mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta ko‘prik va 16 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi ko‘zda tutilgan.

Besh yil davomida qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur yo‘l Ia toifali, ya’ni avtomobil yo‘llarining eng yuqori texnik va xavfsizlik standartlariga javob beradigan magistral bo‘ladi. Unda har biri 3,75 metr kenglikdagi sement-beton qoplamali oltita harakat tasmasi barpo etiladi. Yo‘lning loyihaviy tezligi soatiga 150 kilometr etib belgilanadi.

Shuningdek, Toshkent-Angren-Qamchiq dovoni yo‘nalishida 171 kilometrlik muqobil avtomobil yo‘li barpo etish loyihasi ham amalga oshiriladi. Ushbu yo‘lda 33 kilometrlik tonnellar hamda bir qator yirik muhandislik inshootlarining qurilishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbariga mazkur yirik loyihalar uchun ishlab chiqilayotgan moliyalashtirish manbalari va xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida axborot berildi.

Avtomagistrallarni loyihalashda yangi transport muhandisligi yechimlaridan foydalanish, intellektual boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish, harakat xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, taqdimotda Toshkent-Chorvoq va Urganch-Xiva yo‘llarini qurish loyihalarining borishi haqida ma’lumot berildi.

Avvalroq Toshkentda barcha avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi haqida xabar berilgandi. O‘rganishlarda avtobus bekatlaridagi 110 ta savdo do‘konining 61 tasida egalik huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi.