Biznes-ombudsman Toshkentda elektromobil zaryadlash stansiyalarining elektr tarmog‘idan uzilishi hamda bekatlarda joylashgan ayrim tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani yuzasidan munosabat bildirdi.
Tashkilot amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki ularga tegishli mulkdan foydalanishni cheklash faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibda, sud qarori bilan amalga oshirilishi mumkinligini eslatdi.
Ta‘kidlanishicha, har qanday inventarizatsiya yoki tartibga solish tadbirlari tadbirkorlarning huquqlarini kamsitmasligi, ularga zarar yetkazmasligi kerak. Bunday jarayonlar tadbirkorlar oldindan xabardor qilingan holda va muvofiqlashtirish uchun yetarli vaqt berilgan tarzda o‘tkazilishi lozim.
“Tadbirkorning mulkini asossiz tarzda tarmoqdan uzish yoki buzish holatlari biznes yuritish kafolatlarining buzilishi deb baholanadi”, — deyiladi xabarda.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan kelib tushgan murojaatlar asosida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Agar vakolatli organlar tomonidan asossiz xatti-harakatlar aniqlansa, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli ta‘sir choralari ko‘rilishi ma‘lum qilindi.
Shuningdek, shunga o‘xshash holatlarga duch kelgan tadbirkorlarga 1100 qisqa raqami yoki @biznesombudsman_bot orqali murojaat qilish tavsiya etildi.
Mart oyi boshida poytaxt hokimligi Toshkent shahrida barcha avtobus bekatlaridagi savdo nuqtalari olib tashlanishini maʼlum qilgandi.
Avvalroq Biznes-ombudsman Jarqo‘rg‘onda tadbirkorlar do‘konlari buzilishi bilan bog‘liq holatni nazoratga olgandi.