Dorilarni retsept bo‘yicha chakana sotish tartibini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bu 6-mart kuni prezident tomonidan imzolangan qonun (O‘RQ-1120-son) bilan belgilandi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi.

Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha (41,2−82,4 mln so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi. Amalda bu BHMning 50−100 baravarini tashkil etgan.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bunday dori vositalarini retseptsiz sotish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilsa, quyidagicha jazo belgilanadi:

  • BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha (82,4−123,6 mln so‘m) miqdorda jarima;
  • yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash;
  • yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Amaldagi tahrirda jarimaning eng kam miqdori BHMning 100 baravarini tashkil etishi belgilangan.

Shuningdek, Yer kodeksiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi yer uchastkalaridan biri yoki bir nechtasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkinligini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalar bilan “Vatandosh” kartasining amal qilish davrida egasining oila a’zolari amaldagi viza muddatini ko‘p martalik viza etib uzaytirganlik uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi belgilandi.

2025-yilning 10-dekabridan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda “Elektron retsept” tizimi joriy etildi. Qolgan hududlarda 2026-yil yakunigacha ishga tushiriladi.

Elektron retsept birinchi bosqichda antibiotik va gormonal dorilar uchun majburiy bo‘ldi. Dori vositalari ro‘yxati ijtimoiy xavf va ehtiyojlardan kelib chiqib, Ekspertlar kengashi tomonidan bosqichma-bosqich tasdiqlanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yili farmatsevtika sohasiga $1 mlrd investitsiya jalb qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.