Toshkent shahri va yana 15 ta tumanda dori vositalarini elektron retsept asosida berish boshlanmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning sentabr oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan retsept bilan beriladigan dorilarni elektron retsept asosida tayinlash tartibi belgilangandi. Hujjat 12-dekabrdan boshlab kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda “Elektron retsept” tizimi joriy etila boshlandi. Qolgan hududlarda esa 2026-yil yakunigacha ishga tushiriladi.
Bunda dorixonalar “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta” hamda “Elektron retsept” modullari bilan real vaqt rejimida ma’lumot almashuvini ta’minlashi shart.
Shu bilan birga, barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga ulanadi. Bu platforma joriy etilgungacha esa ular SSVning “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimiga integratsiya qilinishi kerak.
Retsept bilan beriladigan dori vositalarini tayinlash va chakana sotishda zarur ma’lumotlar majburiy tarzda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi.
Retsept bo‘yicha beriladigan dori vositasitalarining cheklangan narxlari bilan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sayti orqali tanishish mumkin. Hozirda 12 815 ta dorilar ushbu reyestrga kiritilgan. Havola bu yerda.
Vazirlik hozirda Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi dorixonalar “Elektron retsept” tizimiga ulanib, uning asosida ishlay boshlaganini ma’lum qildi.
Shuningdek, bu tizim Chimboy tumani, Asaka tumani, G‘ijduvon tumani, G‘allaorol tumani, Kitob tumani, Xatirchi tumani, Chortoq tumani, Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani, Ishtixon tumani, Denov tumani, Sirdaryo tumani, Yangiyul shahri, Quva tumani, Shovot tumanini qamrab oladi.
Elektron retsept qanday beriladi?
Elektron retsept asosida tayinlanadigan dori vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Tibbiyot xodimlari bemor maʼlumotlarini tizimga kiritadi va u avtomatik tarzda Elektron tibbiy karta moduliga uzatiladi. Dori vositalari elektron retsept rasmiylashtirish orqali beriladi.
Retsept shifokor tomonidan elektron tasdiqlanib, QR-kod avtomatik tarzda qo‘yiladi. Shu bilan birga, retsept avtomatik tarzda dorixonaga yetkaziladi.
Shifokorlar o‘zlari elektron retsept asosida bemorga bergan va chakana sotilgan dori vositalari harakatini kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi. Elektron retseptga oid barcha maʼlumotlar bemorning elektron tibbiy kartasida avtomatik qayd etib boriladi.
Tizimni joriy etish
Prezidentning 2023-yilning may oyidagi qarori bilan aholini xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha Elektron retsept (reimbursatsiya) tizimini joriy etish belgilangan.
O‘tgan yilning iyul oyida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov 2024-yilda O‘zbekistonda elektron retsept tizimiga o‘tilishini qayd etgandi. Bu tizim keraksiz dori-darmonlarni retseptlashning oldini oladi va kontrabandaga qarshi kurashda yordam beradi.
Yil boshida Toshkent viloyatining Qibray tumanida dorilarni elektron retsept asosida yozish va berish bo‘yicha loyiha ishga tushirildi. May oyidagi yig‘ilishda prezident Bosh prokuraturaga retseptli dorilarni noqonuniy sotganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashni topshirdi.
Avvalroq O‘zbekistonda referent narxlar qayta ko‘rib chiqilgach, 2,5 mingta dori narxi 60% gacha arzonlashishi mumkinligi xabar berilgandi.
