Toshkent shahridagi avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘llar to‘siqlar bilan himoyalanadi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Unga ko‘ra, poytaxtda jamoat transporti harakatini yaxshilash maqsadida “A” tasmali yo‘laklari deliniatorlar bilan ajratilishi rejalashtirilmoqda.

“Bu yangilik avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarni aniq belgilash, boshqa transport vositalarining ushbu yo‘laklarga kirib ketishining oldini olish va jamoat transporti harakatini tezlashtirishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Markaz qaysi ko‘chalarda bu tizim joriy etilishi haqida batafsil ma’lumot “yaqin kunlarda” e’lon qilinishini bildirgan.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva fevral oyi oxirida poytaxtda transport boshqaruvini takomillashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgandi.

Undan keyin Toshkent shahar hokimligi poytaxtda yo‘l harakatini yaxshilash maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qildi. Uning doirasida eng tirband 472 km yo‘l aniqlanib, svetofor va yo‘l belgilarini yangilash, yo‘l chiziqlarini takomillashtirish, bekatlarni modernizatsiya qilish hamda avtoturargohlarni tartibga solish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, yo‘l bo‘yidagi savdo shoxobchalari optimallashtirilib, yo‘llardagi chuqurlar ta’mirlanadi.

“A” tasmali yo‘l

2022-yilning dekabridan Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etila boshlandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.

2023-yil oxiriga kelib esa, avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar orqali qayd etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan avtomobillar aniqlanib, jarimalarga tortildi. Masalan, videokameralar bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175ta avtomobilni aniqladi. Buning uchun haydovchilar 680 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

2025-yilning aprel oyida qabul qilingan qonun bilan avtobus yo‘laklari va trotuarlarda harakatlanganlik uchun jarimalar miqdori tasdiqlandi. Birinchi huquqbuzarlik uchun 412 ming so‘m, takror sodir etilganda esa 1,236 mln so‘m miqdorida jarima undiriladi.

Oktabr oyida poytaxtning Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 km qismi rekonstruksiya qilindi. 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yo‘nalishda avtobuslar harakatlanadi. Qolgan 2 ta yo‘lak esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan. BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati $19,2 mlnni tashkil etadi.

Toshkentning yana 10 ta ko‘chasida 2030-yilgacha qariyb 58 km uzunlikdagi BRT avtobus yo‘laklari tashkil etiladi, loyiha qiymati $110 mln bo‘lib, u 4 bosqichda amalga oshiriladi. Poytaxt hokimligining taqdimotiga ko‘ra, tizim 1,14 mln yo‘lovchini qamrab oladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.