O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) Toshkent shahridagi avtobus bekatlarida joylashgan savdo do‘konlarini demontaj qilishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga chaqirdi.
Shuningdek, assotsiatsiya a’zolari tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lash tartibini ishlab chiqish va uni amalga oshirish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etishni taklif qilmoqda.
O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi jamiyati raisi Sharofiddin Xamzayev bekatlar yonida savdo do‘konlarini joylashtirishning ijobiy va salbiy tomonlari mavjudligini ta’kidladi. Xususan, tadbirkorlar ishlashi va daromad olishi, bu orqali soliq tushumlari ta’minlanishi ko‘zda tutilgandi.
Bekatlarni konditsioner, isitish tizimlari bilan ta’minlash va sanitariya talablariga amal qilishni savdo shoxobchalari zimmasiga yuklash orqali yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratilishi maqsad qilingandi.
“Lekin bu nazoratdan biroz chetga chiqqani sababli ayrim do‘konlar bekatga ajratilgan joyni ham savdo-shoxobchasi yoki xizmat ko‘rsatish joyi sifatida o‘rab oldi. Natijada yo‘lovchilar bekatdan tashqarida, ya’ni noqulay sharoitda avtobuslarni kutishga majbur bo‘lib qoldi. Yo‘l harakati xavfsizligi jihatidan yo‘lovchini tushirish va chiqarish uchun avtobusga xalaqit qilmagan holda to‘xtashga ruxsat beriladi. Biroq to‘xtab, do‘kondan narsalar olib, o‘sha yerning o‘zida kofe ichib, gaplashib turadigan joy emas”, — dedi u.
Xamzayev mavjud muammolar bekatlarni birdaniga buzish, qayta qurish yoki rekonstruksiya qilish bilan hal bo‘lmasligini ta’kidladi. Bu qaror tadbirkorlarga moddiy va ma’naviy zarar yetkazishi mumkin. Chunki qancha miqdorda kompensatsiya berilishi, u do‘konni ko‘chirish yoki qayta qurishga yetish-yetmasligi noma’lum.
Tadbirkor va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash markazi Toshkent shahar filiali rahbari Baxtiyor Nasrullayev savdo do‘konlari egalariga kompensatsiya mablag‘larini to‘lash masalasida jamoat tashkilotlarini jalb qilishni taklif qildi.
“Kompensatsiya to‘lash mexanizmi va ular nazoratini jamoatchilik tashkiloti bilan birgalikda ishlab chiqilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi”, — deydi u.
Mart oyi boshida Toshkentda barcha avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi ma’lum qilindi. O‘rganishlarda avtobus bekatlaridagi 110 ta savdo do‘konining 61 tasida egalik huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi.
Undan keyin Biznes-ombudsman Toshkentda elektromobillarni zaryadlash stansiyalarining elektr tarmog‘idan uzilishi hamda bekatlarda joylashgan ayrim tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani borasidagi holatlarga munosabat bildirdi. Tadbirkorlar vakili bu bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar asosida o‘rganish ishlari olib borilayotgani, agar vakolatli organlar tomonidan asossiz xatti-harakatlar aniqlansa, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli ta‘sir choralari ko‘rilishini ma‘lum qildi.
Yaqinda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi jamoat transporti bo‘limi boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayev avtobus bekatlaridagi do‘konlar sud qarorlari asosida buzilayotganini ma’lum qildi.
“Dolzarb 90 kunlik” doirasida 472 km yo‘lning 100 km qismi tanlab olingan bo‘lib, bu hududdagi 380 ta bekatdan 120 tasida 1995−2005-yillarda qurilgan do‘konlar mavjud. Ularning yarmida noqonuniy qurilmalar aniqlangan. Tadbirkorlarga savdo nuqtalarini turistik ko‘chalarga ko‘chirish taklif etilmoqda, bekatlardagi do‘konlar faoliyati esa huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilmoqda.
Avvalroq Spot Toshkent yomon transport tizimi tufayli yiliga $343 mln yo‘qotayotgani haqida yozgandi.