Toshkent iqtisodiyoti yomon transport tizimi sabab har yili yuzlab million dollar yo‘qotmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi taqdimotida aytilgan (Spot ixtiyorida mavjud).

Bugungi kunda Toshkentda 5,2 mln kishi harakatlanmoqda. Shundan 3,2 mlni doimiy aholi, 1,5 mlni har kuni keluvchilar hamda 500 ming nafari vaqtincha yashovchilardir.

Shahardagi asosiy yo‘llarning (81 ta ko‘cha, 472 km) o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 400 ming avtomobilni tashkil etadi, amaldagi yuklama esa deyarli ikki baravar yuqori — kuniga 770 ming avtomobil.

Shahar bo‘ylab har kuni 11,2 mln qatnov amalga oshiriladi: 3,6 mln piyoda va 7,6 mln transportda. Shundan 60%i yengil avtomobillar, 35%i jamoat transporti hamda 5%i mikromobillik hissasiga to‘g‘ri keladi.

Toshkent shahri hokimligi jami qatnovlar hajmida jamoat transporti ulushini hozirgi 30−35% dan 60−65% ga oshirish vazifasini qo‘ymoqda, bu xalqaro amaliyotga mos keladi.

toshkent shahri, jamoat transporti, yo‘l harakatini tashkil etish markazi, yo‘l harakati

Jamoat transportini ommalashtirish uchun qator vazifalar qo‘yilmoqda.

Avtobuslar:

  • avtobuslar soni: hozirgi 1897 tadan 3161 tagacha;
  • yo‘nalishlar soni: 168 tadan 280 tagacha;
  • kunlik yo‘lovchilar oqimi: 1,5 mlndan 3,4 mlngacha.

Metropoliten:

  • vagonlar soni: 345 tadan 895 tagacha;
  • metro liniyalari: 71 dan 103 gacha;
  • kunlik yo‘lovchilar oqimi: 1 mlndan 2 mlngacha.

Yomon transport tizimining muammolari orasida quyidagilar ajralib turadi:

  • yo‘l harakati xavfsizligining yetarli emasligi: 1225 ta YTHda 90 kishi halok bo‘lgan, ulardan 49 nafari piyodalar;
  • yo‘llardagi tirbandlik va yuklamaning o‘sishi: o‘rtacha 7−10 ball;
  • jamoat transporti jozibadorligining pastligi: barcha qatnovlarning 30−35%;
  • ekologik muammolar: yiliga 3 ming tonna PM2.5 zarralari;
  • transport tengsizligining o‘sib borishi: shaxsiy avtomobili bo‘lmagan aholi uchun mobillik cheklangan;
  • yillik iqtisodiy yo‘qotishlar: $343 mln yoki Toshkent shahri yalpi hududiy mahsulotining 1,27%i.

Avvalroq Spot Toshkentda avtobus yo‘laklari bo‘ylab to‘siqlar o‘rnatilishi haqida yozgandi.