Favqulodda vaziyatlar vazirligi Tashkent city hududida joylashgan Park in Mall oilaviy savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
15-mart kuni soat 13:18 da Shayxontohur tumani, Botir Zokirov ko‘chasida joylashgan Park in Mall oilaviy ko‘ngilochar savdo markazi 3-qavatida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Toshkent shahar FVBBga xabar kelib tushgan. Qutqaruv texnikalari aytilgan manzilga soat 13:19 da yetib borib, yong‘in soat 13:28 da o‘chirildi.
Yong‘in oqibatida jarohatlanganlar yo‘q. Hodisa oqibatida oilaviy ko‘ngilochar savdo majmuasining 3-qavati 25 kvadrat metr maydoni yonib zararlangani aniqlandi. Yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Vazirlikda qayd etilishicha, yong‘in kelib chiqishiga binoda aniqlangan bir qator kamchiliklar, jumladan ijaraga olgan tadbirkorlar elektr simlaridan noto‘g‘ri foydalangani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Tegishli hujjatlarga asosan, FVV rahbariyati tomonidan yong‘in xavfsizligiga qarshi choralar ko‘rilmagani hamda belgilangan tartibda faoliyatini olib bormagani uchun Park in Mall oilaviy savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Markaz yong‘in xavfsizligi sohasidagi kamchiliklarni to‘liq bartaraf etishi kerak.
Avvalroq Spot yong‘in uchun aybdorlardan tovon undirish tartibini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.