“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Toshkent shahrida reklama qurilmalari va peshlavhalarni majburiy demontaj qilish holatlari yuzasidan munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, mazkur jarayonlar huquqiy asosga ega emas. Xususan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori hali kuchga kirmagan bo‘lsa-da, demontaj ishlari bir necha oy avval boshlab yuborilgan.
Bekmurodov qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emasligini taʼkidladi. Shu bois, ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.
U shuningdek, davlat rahbari tomonidan biznesga yangi majburiyatlar yuklashga moratoriy joriy etilganini eslatdi.
Qayd etilishicha, dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkorlar uchun yangi standartdagi qurilmalarni sotib olish orqali qo‘shimcha moliyaviy yuklama yuzaga kelmoqda.
“Tadbirkorga ‘ikki kun ichida demontaj qil‘ deb talab qo‘yish — bu maʼmuriy buyruqbozlikning ochiq ko‘rinishi. Tadbirkor — bu buyruq bajaruvchi emas, balki davlat uchun sherik va hamkor”, — deydi u.
Shu bilan birga, Bekmurodov har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid bo‘lsa, faqat sud qarori asosida amalga oshirilishi shartligini taʼkidladi.
U rivojlangan davlatlar tajribasiga ham to‘xtalib, dizayn-kod keskin o‘zgargan holatlarda mahalliy hokimiyatlar tadbirkorlarga moslashish uchun vaqt berishini yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya qilinishini qayd etdi.
“Bizda esa barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushmoqda. Poytaxt estetikasi tadbirkorning ‘belini sindirish‘ evaziga taʼminlanmasligi kerak”, — dedi “Yuksalish” raisi.
U masʼul idoralarni noqonuniy harakatlarni to‘xtatishga, shuningdek, biznes bilan “buyruqbozlik” emas, balki ochiq muloqot va teng huquqli sheriklik asosida ishlashga chaqirdi.
O‘zi nima gap?
2025-yilning may oyida Toshkentning Shayxontohur va Chilonzor tumanlarida noqonuniy reklama qurilmalari demontaj qilingandi. Poytaxt hokimligi tadbirkorlardan reklama konstruksiyalarini joylashtirishda ruxsatnoma mavjudligiga aniqlik kiritishni hamda piyodalar va avtomobillar harakatini cheklab qo‘ymasligiga e’tibor qaratishni so‘ragan edi.
Spot Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining “Tashqi reklama” loyiha ofisi rahbari Shahriyor Shoazizov bilan noqonuniy reklamaga qarshi reydlar, peshlavhalarni demontaj qilish va avtomobillardagi reklamalar nazorati borasida suhbatlashgandi.
Joriy yilning yanvarida Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida noqonuniy o‘rnatilgan reklama va axborot konstruksiyalari olib tashlangandi.
Mart oyida Toshkentda dizayn-kod tasdiqlandi va unda barcha binolar yagona talablarga keltirilishi belgilandi.
Spot, avvalroq, Toshkentda elektr “zapravka"lar va yengil obyektlar demontaji yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborilishi haqida yozgandi.