BYD‘ning O‘zbekistondagi zavodi 2030-yilgacha 10 ga yaqin yangi model ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi bosh direktori Azizbek Muhitdinov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
Joriy yilda 40 mingta avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Zavod uch yulduzli BYD sertifikatini qo‘lga kiritgach, Yuan Up elektrokrossoverini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish boshlandi — to‘liq ishlab chiqarish sikli yil oxirigacha yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekistonda 2024-yilda 368 dona, 2025-yilda esa 6800 dona Yuan Up elektromobili sotilgan. Joriy yilda 25 ming dona ishlab chiqarish vazifasi qo‘yilgan.

BYD zavodi rahbari atigi bir yil ichida bitta modelning to‘liq ishlab chiqarish sikliga o‘tish juda tez natija ekanini ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomoni salmoqli texnologik yordam ko‘rsatish bilan birga, standartlashtirish ishlarida ham ko‘maklashmoqda.
2030-yilga borib elektromobillar va gibridlar ishlab chiqarish hajmini 200 ming donaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun qo‘shimcha ravishda qariyb $200 mln sarmoya jalb etilib, 10 ga yaqin yangi model ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishda kadrlar salohiyati asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. 2030-yilgacha Jizzax viloyatida 10 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
BYD
Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan Jizzaxdagi elektromobil zavodida Chazor va Song Plus Champion kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, zavod mamlakatdagi birinchi mahalliylashtirilgan Song Plus Uzpride‘ni taqdim etgan.
Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.
Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
2024-yilning iyun oyida BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.
Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida BYD Uzbekistan xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket BYD E2, Seagull hamda Yuan Up elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.
2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishib, BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga tannarxni pasaytirish mumkinligini qayd etgandi. Kompaniya rahbariyati mamlakatdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan.
Spot, avvalroq, yil oxirigacha Toshkentda qiymati $135 mlnlik JAC Motors avtomobil zavodi ochilishi haqida yozgandi.