Britaniyaning eng yirik banki HSBC yaqin yillarda ish o‘rinlarini keng miqyosda qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Bloomberg agentligining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, bunga bank bosh direktori Jorj Elxederining o‘rta va bek-ofislarni qisqartirish uchun sun’iy intellektga pul tikayotgani sabab bo‘lmoqda.

Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, qisqartirishlar 20 mingga yaqin kishini yoki umumiy xodimlarning qariyb 10% ini qamrab olishi mumkin.

Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, bu, birinchi navbatda, global xizmat ko‘rsatish markazlaridagi mijozlar bilan bevosita ishlamaydigan lavozimlarga ta’sir qilishi kutilmoqda, biroq hozircha bu dastlabki baholash bosqichida turibdi.

Nashr manbalarining aytishicha, muhokamalar Yaqin Sharqdagi urushdan oldin boshlangan va yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, HSBC’dagi qisqartirishlar uch-besh yilga mo‘ljallangan o‘rta muddatli reja doirasida amalga oshiriladi.

Elxederi 2024-yilda lavozimiga kirishib, o‘shandan beri bankni tubdan qayta tuzib chiqdi. Agentlikning qayd etishicha, u allaqachon ayrim bizneslarini sotib, boshqalarini yopish yoki birlashtirish orqali minglab ish o‘rinlarini qisqartirgan. O‘tgan yil oxirida HSBC’da 210 mingga yaqin xodim faoliyat yuritgan.

HSBC moliya direktori Pem Kaur 18-mart, chorshanba kuni bank xarajatlarni qisqartirish va xodimlar mehnat unumdorligini oshirishda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, kompaniya sun’iy intellektni mijozlarga xizmat ko‘rsatish markazlari, ularning shaxsini tekshirish bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlar hamda tranzaksiyalar monitoringi kabi sohalarga joriy qilishi mumkin.

Bloomberg Intelligence’ning o‘tgan yilgi hisobotida hozirda odamlar bajarayotgan vazifalarga sun’iy intellektni joriy etish fonida jahon banklari yaqin uch-besh yil ichida 200 minggacha ish o‘rinlarini qisqartirishi mumkinligi haqida aytilgandi.


Avvalroq Spot Meta xodimlarini ommaviy qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qisqartirishlar 20% va undan ortiq xodimlarga ta’sir qilishi mumkin va bu sun’iy intellektga kiritilgan sarmoyalarni qoplash uchun qilinmoqda.