Xitoyning Temu marketpleysini O‘zbekistonda blokdan chiqarish qonunchilikka rioya qilingan taqdirdagina mumkin. Bu haqda 18-mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligining elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma‘lum qildi, deb xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Muhammadiyev O‘zbekiston iqtisodiyoti Temu‘dan manfaatdormi, degan savolni o‘rtaga tashladi. “U hozir qanday ishlayotgan bo‘lsa, bu holatda — mutlaqo yo‘q”, — deya javob berdi u.
“Biz ularga [ishlashning] aniq qoidalarini ko‘p marta tushuntirganmiz. Bilasizmi, Temu vakillari vitse-prezident darajasida o‘z delegatsiyasi bilan agentlikka olti martacha kelishdi. Biz ular uchun boshqa davlat organlari, jumladan, soliq xizmati vakillarini yig‘dik. Ularga bir narsani takror-takror tushuntiryapmiz: bizda hech narsa o‘zgarmaydi, hamma narsa shaffof, hamma narsa ochiq. Bularning barchasi ularning e‘tiboriga ko‘p marotaba yetkazilgan”, — dedi u.
Temu‘ning 46 mlrd so‘mlik soliq majburiyatlarini izohlar ekan, ILMA vakili ular nafaqat saqlanib qolayotgani, balki to‘planib borayotganini ham ta‘kidladi.
Xorijiy marketpleys bloklanganidan so‘ng xaridlar hajmi taxminan 95% ga kamaydi. Qolgan 5% foydalanuvchi esa VPN orqali cheklovlarni aylanib o‘tib, buyurtmalar uchun xalqaro to‘lov tizimlari (Visa va Mastercard) yordamida to‘lov qilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, savdo hajmining keskin qisqarishi fonida qimmatlashgan logistika bilan bog‘liq muammolar tufayli mijozlar hatto to‘lovni amalga oshirgandan keyin ham buyurtmalarini ololmayapti.
“VPN orqali buyurtma berishyapti, ya‘ni bu to‘lovlar ularga tushyapti, soliq majburiyatlari esa tobora ortib bormoqda. Biz ularga O‘zbekiston budjetiga nima, qachon va qancha to‘lash kerakligini — aniq summalar va barcha tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga aniq-ravshan aytganmiz. Ular ‘yaxshi‘ deyishdi-yu, g‘oyib bo‘lishdi. Bu holat olti martacha takrorlandi: ‘yaxshi‘ deyishadi-da, yo‘q bo‘lib qolishadi. Ular biznes yuritishni xohlashadi, lekin qonunchiligimizga rioya qilishni istashmaydi”, — dedi Kamronbek Muhammadiyev.
Elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i O‘zbekiston mamlakatga sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan institutsional o‘yinchilardan manfaatdor ekanini ta‘kidladi.
U “to‘p ularning tomonida” ekanini va ILMA Temu bilan muloqotga ochiqligini qayd etdi. Marketpleysni blokdan chiqarish uchun u o‘z faoliyatini qonunchilikka muvofiqlashtirishi kerak. “Hamma teng va bu shartlarga amal qilishi shart”, — deya qo‘shimcha qildi Kamronbek Muhammadiyev.
O‘zbekistonda Temu faoliyati
2024-yil oxirida O‘zbekistonda elektron tijorat uchun yangi qoidalar tasdiqlandi. 28-dekabrdan boshlab o‘zbekistonlik foydalanuvchilar bilan ishlaydigan xalqaro platformalar yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Yangi qoidalar nima uchun joriy etilgani va ular bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini Spot avvalroq ko‘rib chiqqandi.
Ayrim platformalar yuqoridagi talablarga moslasha boshladi, biroq Temu bunday qilmadi. Xitoy marketpleysi O‘zbekistonda faol targ‘ibotni olib bordi, biroq yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazmadi.
Elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Temu faoliyatiga bir necha bor izoh berib, ehtimoliy bloklanishi borasida ogohlantirgandi.
Joriy yilning 20-martidan platformaga kirish cheklanadi. Foydalanuvchilarga yangi buyurtmalarni rasmiylashtirmaslik, agar buyurtma qilingan bo‘lsa, to‘lovni qaytarish tavsiya etildi.
ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Spot’ga bergan intervyusida Temu faoliyatini cheklashda nima uchun aynan shu muddat tanlangani, blokirovka qanday bo‘lishi va kompaniya cheklovlardan qochish uchun nima qilishi mumkinligiga izoh berdi.
Spot, avvalroq, 2025-yilda O‘zbekistonda kriptoaktivlar aylanmasi $2 mlrddan oshgani haqida yozgandi.