21-mart kuni Twitter (hozirgi X ijtimoiy tarmog‘i) o‘zining 20 yillik yubileyini nishonlamoqda.

Twitter tarixi 2006-yil mart oyida Jek Dorsi, Noa Glass va Biz Stoun ushbu ijtimoiy tarmoq ilovasiga asos solishi bilan boshlangan.

Ularning g‘oyasi foydalanuvchilar 140 ta belgi bilan cheklangan va “tvit” deb nomlanuvchi qisqa xabarlarini e’lon qilishi mumkin bo‘lgan onlayn platforma yaratishdan iborat edi.

2006-yilning 21-martida ijtimoiy tarmoq asoschilaridan biri Jek Dorsi platformada ilk tvitini yozgandi: “just setting up my twttr” (shunchaki o‘z tvitterimni sozlayapman).

20 yillik, twitter, x twitter

2006-yil iyul oyida Twitter “Odeo” kompaniyasi ichki loyihasi sifatida ishga tushirildi, o‘sha yilning noyabr oyida esa ommaga taqdim etildi.

Garchi dastlab Twitter unchalik mashhur bo‘lmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan o‘zining qulay va oddiy konsepsiyasi tufayli tobora ko‘proq foydalanuvchilarni jalb qila boshladi.

Mashhurlar Twitter’ning ommalashuvida muhim o‘rin tuta boshladi, chunki odamlar o‘zlari yoqtirgan san’atkorlarni kuzatib, ularning faoliyati haqidagi yangiliklarni bevosita o‘zlaridan ola boshladilar.

Vaqt o‘tishi bilan Twitter’ning shuhrati yanada ortib, ushbu xizmat dunyodagi eng mashhur va keng qo‘llaniladigan ijtimoiy tarmoqlardan biriga aylandi.

2009-yil yanvar oyida Twitter o‘zining rasmiy mobil ilovasini ishga tushirdi va bu uni turli qurilmalarda ishlatish uchun yanada qulayroq qildi.

2013-yilda esa kompaniya Nyu-York fond birjasida IPO (aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish) o‘tkazdi va uning aksiyalari qiymati savdolarning birinchi kunidayoq 70% dan ko‘proqqa oshdi.

Vaqt o‘tishi bilan Twitter o‘ziga Vine (qisqa videolar), Periscope (jonli efir videotranslyatsiyalari), X TV (aqlli televizorlar uchun dastur) kabi boshqa ommabop ilova va funksiyalarni ham sotib olib, integratsiya qildi.

2022-yilning oktabr oyi boshida Mask “Twitter"ni oldin kelishilgan shartlar asosida $44 mlrdga sotib olishga rozilik bildirgandi.

Keyinchalik Mask kompaniyaning 75% xodimini ishdan bo‘shatmoqchi ekanligi haqida ma’lum qildi. 11-noyabr kuni “Twitter” rahbari xodimlariga masofadan turib ishlashni taqiqladi.

2023-yil iyunida esa Ilon Mask Twitter o‘z nomini X’ga o‘zgartirishi haqida xabar berdi. U rebrending haqidagi xabarga — “bu haqiqat” degan so‘z bilan izoh bergan.

2025-yil 28-mart kuni Ilon Mask o‘zining sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchi xAI kompaniyasi X ijtimoiy tarmog‘ini (sobiq Twitter) $33 mlrdga sotib olganini e’lon qildi.