Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi. “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida axborot berildi.
Hozirda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda. Bu Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham qayd etilmoqda. Havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida sanoatning o‘sishi, uglerod yoqilg‘ilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shundan kelib chiqib, 2030-yilgacha atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obyektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 bo‘yicha me’yordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.
Tezkor choralar natijasida Toshkentda havo sifati muayyan darajada yaxshilangan: 2026-yil yanvar-fevral oylarida PM2,5 konsentratsiyasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. Bu yo‘nalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish manbalarini inventarizatsiya qilish amalga oshiriladi.
“Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi. Mahsulotining ma’lum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador uskunalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari o‘rnatilib, ularning ma’lumotlari yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bunday talablarga amal qilmaganlar uchun kompensatsiya to‘lovlari keskin oshiriladi.
Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Yangi quriladigan yirik obyektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rash, onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi talablar belgilanmoqda.
Shuningdek, “shamol yo‘laklari"ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish jarayonlarida majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklif etildi.
Tabiiy chang omillarini kamaytirish bo‘yicha ham aniq choralar belgilangan. Jumladan:
- Toshkent atrofida “yashil belbog‘” barpo etish;
- Surxondaryo va Sirdaryoda chang bo‘ronlarining oldini olish uchun “yashil devor"lar tashkil qilish;
- sun’iy ko‘llar va suv havzalarini barpo etish;
- poytaxt tumanlarida favvoralarning sonini ko‘paytirish;
- barglarni kompost va mulcha sifatida qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish.
Bularning barchasi havo tarkibidagi chang zarrachalarini kamaytirish va shahar muhitini sog‘lomlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Transport sohasida havoni muhofaza qilish bo‘yicha alohida yo‘nalishlar ham belgilangan.
Motor yoqilg‘isi standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish, avtotransport vositalarini “qizil”, “sariq” va “yashil” stikelar asosida ekologik toifalarga ajratish, texnik ko‘rikni ekologik talablar bilan bog‘lash, eski avtotransportni yangilash dasturlarini amalga oshirish, jamoat transporti ulushini oshirish nazarda tutilmoqda.
Bu orqali yo‘l harakati bilan bog‘liq ifloslanish hajmini qisqartirish, ayniqsa, yirik shaharlar markazida havo sifatini yaxshilash maqsad qilingan.
2024-yil boshida Ekologiya vazirligi (hozirgi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi) Toshkentda atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlashni taklif qilgandi.
2026-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkentda “Ekologik transport” tizimi doirasida avtomobilarni “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik toifalarga ajratgan holda “yashil”, “sariq” va “qizil” rangli stikerlar berish boshlandi.
Ekostikerlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn olish imkoni yaratilgan. Stikerlar bepul berilib, pochta xarajatlari uchun BHMning 5%i (20 600 so‘m) miqdorida to‘lov olinadi.