Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish omillarini qayd etib, salbiy oqibatlarni kamaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Xususan, vazirlik poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga turli omillar sabab bo‘lishini qayd etmoqda. Moratoriy davrida poytaxtda 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.

Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda va moratoriy e’lon qilinishiga qaramay qurilishlar davom etmoqda. So‘nggi ikki yilda mamlakatda avtomobillar soni 3,14 mlndan 4,6 mlnga yetgan.

Bir kunda Toshkentda o‘rtacha 730 mingta avtomobil harakatlanadi, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtomobil kirib keladi. Ai-80 markali benzindan foydalanuvchi texnika vositalari atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.

Energiyaga talab ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi oshmoqda. Xususan, 2019-yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023-yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 mln tonnaga yetgan.

Ko‘mirdan foydalanishda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarini ifloslantiryapti. Masalan, 10 tonna ko‘mir yoqilsa, atmosfera havosiga 220 kg qurum, 360 kg oltingugurd II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.

Issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholi e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Dekabrda Toshkentdagi 6ta issiqlik markazlarining 9ta qozonxonalarida 3 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan.

Vazirlik Toshkentda atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlashni taklif qilmoqda.

Shu bilan birga, tirbandlikni kamaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlash uchun poytaxtda kunning tig‘iz vaqtlarida (07:00 — 10:00 va 17:00 — 20:00) yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarini harakatini cheklanishi mumkin.

2010-yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtomobillar harakatlanishini taqiqlab, elektromobillarga o‘tishda imtiyozlar, pereferensiyalar va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish ilgari surilmoqda.

Jamoat transportini to‘liq elektr, gaz-ballon yoqilg‘isi va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish, yo‘l infratuzilmasini hamda markaziy ko‘chalarda avtomobilsiz hududlarni tashkil qilish taklif etilmoqda. Tajriba tarzida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasi joriy etilishi mumkin.

Bundan tashqari, vazirlik quyidagilarni ham taklif qilmoqda:

  • barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e’lon qilish;
  • Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlash;
  • mikroiqlim mo‘tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
  • Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Issiqlik markazlarida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
  • ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishining oldini olish maqsadida Toshkent atrofida “yashil belbog‘"lar barpo etish;
  • atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatish.

Avvalroq avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini foto va video qayd etish vositalarini o‘rnatgan tadbirkorlarga ekologik huquqbuzarliklarni ham qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga ma’lum qilish huquqi berilgandi.