Honda va Sony hamkorlikdagi elektromobilini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihani to‘xtatdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Afeela elektromobillarining birinchi va ikkinchi avlodlarini ishlab chiqarish zudlik bilan to‘xtatiladi.

Shuningdek, kompaniyalar Sony va Honda’ning 2022-yilda tashkil etilgan qo‘shma korxonasi — Sony Honda Mobility bilan hamkorlikni qayta ko‘rib chiqadi.

Birinchi avlod avtomobiliga oldindan buyurtma bergan barchaning pullari qaytarib beriladi.

Afeela prototipi 2023-yil yanvar oyida CES ko‘rgazmasida namoyish etilgan edi. Afeela 1 Signature modelini 2026-yilning o‘rtalaridan, Afeela 1 Origin modelini esa 2027-yildan yetkazib berish rejalashtirilgandi.

Birinchisining e’lon qilingan narxi $102,9 mingdan, ikkinchisiniki esa $89,9 mingdan boshlanishi ko‘zda tutilgan edi.

Nashrga ko‘ra, bunday qarorga elektromobillarni ishlab chiqish xarajatlari ortib borayotgani sababli yuzaga kelgan qiyinchiliklar turtki bo‘lgan.

Bloomberg‘ning yozishicha, Honda elektromobillar ishlab chiqarishga 2,5 trln iyena sarflashini allaqachon e’lon qilgan.

Avvalroq Financial Times 12 ta yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi elektromobillarga o‘tish rejasini qisqartirgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, Rolls-Royce kompaniyasi 2030-yildan keyin ham ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarishni davom ettirishga qaror qildi.

Umuman olganda, bunday qarorni kamida 12 ta yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi qabul qilgan. Ular orasida Mercedes-Benz, Ford, Stellantis, Volvo va Honda bor.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, strategiyalardagi o‘zgarishlar so‘nggi bir yilda avtomobil sanoatiga taxminan $75 mlrdga tushdi.


Avvalroq Spot 1-sentabrdan elektromobil xaridi uchun yillik 16%gacha stavkada avtokreditlar ajratilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, 1-maydan boshlab elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 10%li kreditlar ajratiladi.