Rossiyada VPN-servislarni to‘liq taqiqlash tashabbuslari muhokama qilinayotgani yo‘q, deya bayonot berdi Davlat Dumasining Axborot siyosati qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Anton Gorelkin TACC nashriga bergan intervyusida.

Gorelkinning so‘zlariga ko‘ra, biroq Roskomnadzor mamlakat qonunchiligini buzayotgan xizmatlarni nuqtali bloklashda davom etadi.

Uning ta’kidlashicha, bunday servislardan korporativ sektorda ma’lumotlarni himoyalash va trafik uzatish uchun keng foydalaniladi va ularning taqiqlanishi mamlakat raqamli iqtisodiyoti uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

“Bu vositadan faol foydalanilmoqda, biznes muhitida bundan yaxshirog‘i hali o‘ylab topilmagan. Shu sababli, VPN-servislarning taqiqlanishi, shubhasiz, raqamli iqtisodiyotimiz rivojlanishiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi Gorelkin.

2024-yil 1-martidan Rossiyada VPN xizmatlarini reklama qilish taqiqlanishi haqida xabar berilgandi.

Keyinchalik Roskomnadzor 2024-yil 30-noyabrdan boshlab Rossiyada blokirovkalarni chetlab o‘tish uchun ishlatiladigan VPN-servislar haqidagi ilmiy va statistik ma’lumotlarni e’lon qilgan saytlarni bloklashni boshlashi haqida e’lon qildi.

Taqiq bo‘yicha tegishli buyruq huquqiy axborot portalida e’lon qilindi va u 2029-yil 1-sentabrgacha amal qiladi.

Buyruq matniga ko‘ra, ilmiy va texnik materiallar, shuningdek, bloklangan resurslarga kirish uchun VPNdan foydalanish bilan bog‘liq ma’lumotlar taqiqlanadi.

Himoyalangan masofaviy kirishni ta’minlash uchun ishlatiladigan VPN haqidagi ma’lumotlar bundan mustasno.

2025-yil may oyida Rossiyada VPN xizmatlaridan foydalanishning yagona siyosati joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Raqamli texnologiyalar vaziri mamlakatda VPN trafigining ulushi ortib borayotgani va yagona qoidalar joriy qilish vaqti kelganini ta’kidladi.

Rossiyada VPN-servislar taqiqlangan saytlarga kirishni cheklashi shart. 1-sentabrdan e’tiboran VPN-servislarni reklama qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qonun ham kuchga kirdi.

Ayni shu qonun bilan VPN yordamida ekstremistik materiallarni ataylab qidirish va ulardan foydalanish uchun jarimalar belgilandi.


Avvalroq Spot WhatsApp rossiyalik foydalanuvchilarga VPN ishlatishni tavsiya qila boshlagani haqida yozgandi.

Messenjer bosh sahifasida ulanish muammolari bo‘yicha banner paydo bo‘ldi. U faqat Rossiya raqamlarida ko‘rinadi.