Louis ismli o‘spirinning Parijga piyoda orzulari sari qilgan ilk safari Louis Vuitton yaratilishiga sabab bo‘lgan. Bolakay katta shaharda sandiq yasashni o‘rganish uchun usta Mesyega shogird tushib, undan hunarmandchilik sirlarini o‘rgana boshlaydi.

Aynan mana shu harakatlar, keyinchalik uning moda olamida inqilob yaratishiga turtki bo‘lgan. Louisning chamadonlaridan boshlangan bu yo‘l Jorjning monogrammasi, Mark Jeykobsning liboslari, Kim Jonsning “streetwear"i hamda Verjil Abloning modasi orqali sayqallanib kelmoqda.

Spot bu safar biznesning tarixini emas, balki bir yarim asrdan ortiq vaqt davomida sifat, yangilik va tinimsiz mehnat qanday qilib o‘lmas merosga aylanishi haqida hikoya qiladi.


Parij tomon yol: orzularga piyoda

Hammasi 1821-yil 4-avgust kuni, Fransiyaning kichik Anche qishlog‘ida Louis ismli bolakay dunyoga kelishidan boshlangan. Uning ota-onasi dehqonchilik bilan shug‘ullanar, shu orqali oilaning qora qozoni tebranib turardi. Biroq bu osuda kunlar ham uzoqqa cho‘zilmadi.

Louis hali o‘smirlik yoshiga qadam qo‘ymay turib, ota-onasidan ayrilgan. Bu judolik uning kelajakdagi taqdirini butunlay boshqa tomonga burib yuborgan. Shu tariqa, 13 yoshli (Spot izohi, ba’zi manbalarda 14 yoshli), jussasi kichik bo‘lsa-da, orzulari ulkan bolakay Parijni zabt etishga qaror qilib, piyoda manzili tomon yo‘lga otlangan.

Bolakay yo‘lda tirikchilik qilish uchun duch kelgan kishilarga duradgorlik va ustachilikda yordam berib ketardi. U har bir to‘xtagan manzilida nafaqat kunlik rizqini topar, balki bo‘lajak mahorati uchun poydevor bo‘ladigan ilk hunar sirlarini ham o‘rganib borardi. Bu uzoq safar Louisni ham jismonan, ham ruhan toblayotgandi.

biznes tarixi, louis vuitton

Chapdan birinchi rasm Louis Vuitton, ikkinchi rasm Louis Vuitton rafiqasi Klemans-Emili va o‘g‘li Jorj. Foto: Doers s doings.

1837-yil. O‘z manziliga yetib kelgan Louis sandiq yasash sirlarini puxta egallash maqsadida mashhur usta Mesye Mareshalga shogird tushgan. Tabiiy iste’dodi va qunt bilan mehnat qilishi evaziga u tez orada sayohat sandiqlarini yasash texnikasini mukammal darajada o‘zlashtirgan. Ko‘p o‘tmay, uning mahorati haqidagi gap-so‘zlar butun Fransiyani chulg‘ab olgan.

U shunchaki sandiqlar yasash bilan cheklanib qolmadi, keyinchalik chemodanlar ham yasashga o‘tdi. Louis o‘z ishiga o‘ziga xos muhrini bosgan: buyumlarni qalin va chiziqli matodan tikib, brendning takrorlanmas imzosini yaratgan. Bu uslub nafaqat buyumlarning sifatini, balki uning boshqalardan ajralib turishini ham ta’minlagan.

Vuittonning birinchi ustaxonasi: moda olamidagi inqilob

17 yillik tajribadan so‘ng, 1854-yilda Louis o‘z ustaxonasini ochgan. Uning peshtoqida: “Eng nozik buyumlarni ishonchli o‘raymiz. Modani qadoqlashga ixtisoslashganmiz”, — degan yozuv bitilgandi. Shunga qaramasdan, u oddiy sandiqsoz bo‘lib qolishni istamagan. Uning maqsadi boy sayyohlarning ko‘nglini zabt eta oladigan mutlaqo yangi va inqilobiy buyum yaratish bo‘lgan.

U o‘z oldiga qo‘ygan vazifani uddalagan. 1858-yilda u terak yog‘ochidan yasalgan va maxsus suv o‘tkazmaydigan mato bilan qoplangan ilk chamadon Trianon Trunkni taqdim etgan. Ushbu chamadonning boshqalardan asosiy ustunligi uning ustki va ostki qismlari yassi ekanligida edi. Bungacha bo‘lgan barcha modellarning qopqoqlari yumaloq bo‘lib, ularni ustma-ust taxlashning iloji bo‘lmagan. Bu esa yuklarni tashishda katta qiyinchilik tug‘dirgan.

Bu yechim minglab sayohatchilarning ushbu muammosini hal qilib, transportda yuk tashish madaniyatini butunlay o‘zgartirgan.

biznes tarixi, louis vuitton

Trianon Trunk. Foto: Yandeks

Shundan keyin, Vuittonning ustaxonasi qisqa fursat ichida zodagonlar orasida shon-shuhrat qozongan. Imperator Napoleon III ning rafiqasi, imperator ayol Yevgeniya Lui chamadonlarining eng nufuzli ixlosmandiga aylangan. Aynan uning brendga bo‘lgan cheksiz sodiqligi tufayli Vuitton nomini nafaqat butun Parij elitasi, balki butun Yevropa aristokratiyasi ham tanigan.

Yuqori tabaqa vakillari ustaning keyingi ixtirolarini ham yuqori baholashgan. Ular orasida qulay karavotga aylanuvchi yukxonalar, ixcham chamadon-garderoblar, xavfsiz prujinali qulflar va albatta, bugun barchaga tanish bo‘lgan shaxmat nusxali jigarrang mato ham bo‘lgan.

Louis umrining so‘nggi yillarida o‘g‘li Jorj bilan yelkadosh bo‘lib ishlagan. 1892-yilda otasi vafot etgach, Jorj oilaviy brend boshqaruvini o‘z zimmasiga olib, otasining ishini davom ettirgan.

Logotipning yaratilishi

Jorjning oldida bir qator sinovlar va qiyinchiliklar bo‘y ko‘rsata boshladi. Ularning birinchisi va og‘riqlisi bozorda qalbaki mahsulotlar sonining keskin ortib borishi bo‘lgan.

Louis Vuitton nafaqat boy mijozlar, balki uning mahsulotlaridan nusxa ko‘chirib, sifatsiz tovar sotuvchi “ustomon"larni ham jalb qilgandi. Jorj brendning nufuzini saqlab qolish va otasining mehnatini himoya qilish uchun yangicha yechim topishi ustida bosh qotira boshlagan.

Bu mushkul vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida, 1895-yilda Jorj Vuitton boshchiligidagi dizaynerlar guruhi yangilikka qo‘l urdilar.

biznes tarixi, louis vuitton

Foto: Squire Mexico

Ular nusxa ko‘chirish deyarli imkonsiz bo‘lgan monogramma matosini yaratishgan. Ular ishlab chiqqan yangi naqsh o‘zida nafis va murakkab ramzlarni mujassam etgan. Unda to‘rtbargli gul aks etgan bej rangli doira, markazida nuqtasi bo‘lgan to‘rt nurlik yulduz tasvirlangan egri romb hamda eng asosiysi, otasining xotirasiga ehtirom sifatida tushirilgan “LV” bosh harflari uyg‘unlashgan.

Ushbu kompozitsiya rasman patentlanib, Louis Vuitton uyining o‘zgarmas ramziy belgisiga aylangan. Bunday dadil qadam brend mahsulotlarining soxta nusxalarini bozordan sezilarli darajada siqib chiqargan.

Ikkinchi jahon urushi davrida brend taqdiri

1936-yilda Jorj vafot etgan. Shundan so‘ng oilaviy ishni uning o‘g‘li Gaston-Louis Vuitton davom ettirgan. Gaston hali otasi hayotligidayoq bir nechta muvaffaqiyatli modellarni yaratishga ham ulgurgan. Ushbu merosxo‘r nafaqat otasi va bobosining an’analarini saqlab qoldi, balki yangi davr talablariga mos ravishda brendni yanada yuksaltirishga intilgan.

Ikkinchi jahon urushi yillari Louis Vuitton tarixidagi eng mavhum sahifalardan biri bo‘lib qolgan. Urush yakunlangach esa kompaniya tez o‘zini tiklanib olgan. 1950-yillarda ommaviy aviaparvozlar davrining qaytishi brend mahsulotlariga bo‘lgan talabni keskin oshishiga xizmat qilgan.

1966-yilga kelib esa moda olamida yana bir afsonaviy model silindrsimon shakldagi ixcham Papillon sumkasi dunyoga kelgan. O‘sha davrning haqiqiy timsoliga aylangan model Tviggi bu sumkani o‘ziga xos tarzda namoyish etib, ko‘p o‘tmay butun dunyo ushbu yangilikni iliq qarshi olishiga sabab bo‘lgan.

Shu tariqa, Louis Vuitton urushdan keyingi davrda ham o‘zini qayta tiklab, moda tarixida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlagan.

Brendning rivojlanishi

1970-yilda Gaston-Louis Vuitton vafot etgach, kompaniya boshqaruvi uning kuyovi Anri Rakamyening qo‘liga o‘tgan. U dizayn sohasida katta inqiloblar qilmagan bo‘lsa-da, brendning xalqaro miqyosda kengayishi uchun hissa qo‘shib, dunyoning eng yirik poytaxtlarida Louis Vuitton do‘konlarini ochishga erishgan.

1987-yil brend tarixida tub burilish yasagan: Louis Vuitton ichimliklar ishlab chiqaruvchi Moët Hennessy bilan birlashib, dunyodagi eng qudratli moda konglomerati LVMH' ga asos solingan.

Oradan uch yil o‘tib, kompaniya tarixida ilk bor boshqaruv tizgini asoschilar oilasiga aloqador bo‘lmagan insonga ishonib topshirilgan — Iv Karsel bosh direktor etib tayinlangan. Uning davrida brend erkaklar uchun aksessuarlar yo‘nalishini kengaytirib, 1993-yilda mashhur Taiga kolleksiyasini taqdim etgan.

biznes tarixi, louis vuitton

Parijdagi Louis Vuitton modalar uyi. Foto: Yandeks

Karselning eng dadil qarorlaridan biri 1997-yilda kreativ direktor lavozimini joriy etishi va bu vazifaga yosh amerikalik dizayner Mark Jeykobsni taklif qilishi bo‘lgan. Bu Louis Vuitton uchun haqiqiy qayta tug‘ilish davri edi: Jeykobs brendni nafaqat chamadonlar ustasi, balki tayyor kiyim modasining ham yetakchisiga aylantirgan.

Iv Karsel 2012-yilgacha kompaniya rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, keyinchalik Fondation Louis Vuitton jamg‘armasi raisi sifatida o‘z faoliyatini davom ettirgan.

Erkaklar va ayollar liniyalari

2006-yil Louis Vuitton uchun strategik o‘zgarishlar davri bo‘lgan. Brend erkaklar va ayollar yo‘nalishini alohida boshqarishga qaror qilgan. Erkaklar liniyasiga kreativ direktor etib tayinlangan Pol Helbers klassik kostyumlarni zamonaviy hayot maromiga moslashtirgan. Biroq, haqiqiy portlash 2011-yilda, brendga Kim Jons kelishi bilan yuz bergan.

Kim hashamatli modani ko‘cha uslubi bilan “do‘stlashtirgan”. Uning faoliyati cho‘qqisi 2017-yilda Louis Vuitton va Supreme o‘rtasidagi hamkorlik bo‘lgan. Qiziqarli tomoni, Supreme bundan 17 yil avval LV logotiplarini noqonuniy ishlatgani uchun brend bilan sudlashgandi.

Endi esa bu hamkorlik yuqori moda va ko‘cha madaniyati o‘rtasidagi chegaralarni butunlay yo‘q qilib, brendga “millennial” avlodining e’tiborini tortgan.

biznes tarixi, louis vuitton

Louis Vuitton va Supreme 2017. Foto: Yandeks

2018-yilda Kim Jons ketgach, o‘rinni Off-White asoschisi Verjil Ablo egallagan. Uning davri ham inqilobiy, hamda mojarolarga boy o‘tgan.

Masalan, 2019-yilda Maykl Jeksonga bag‘ishlangan kolleksiya qo‘shiqchi atrofidagi mashhur mojarolar tufayli sotuvdan olib tashlangan. Keyinchalik esa belgiyalik dizayner Valter van Beyrendonk Abloni plagiatda ayblab, keskin tanqid qilgan.

Shunga qaramay u “bahor-yoz” kabi mavsumiy chegaralardan voz kechib, modani erkinlashtirishga intilgan. Eng muhimi, u ekologik materiallardan foydalanish va ishlab chiqarish ortiqchalarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Bu qadam Louis Vuittonni zamonaviy, ekologik mas’uliyatli avlod uchun yanada jozibador qilgan.