Nyu-Meksiko shtatidagi hakamlar sudi Meta kompaniyasiga bolalarni himoya qilish ishi bo‘yicha $375 mln to‘lash majburiyatini yukladi, deb yozdi Engadged.
Qayd etilishicha, kompaniya o‘z platformalarining voyaga yetmaganlar uchun xavfsizligi borasida foydalanuvchilarni chalg‘itganlikda aybdor deb topildi.
Ish Nyu-Meksiko shtati bosh prokurori tomonidan 2023-yildayoq qo‘zg‘atilgan. Meta kompaniyasi o‘z platformasi bolalarni ekspluatatsiya qilish xavfi ostida qoldirishi va ruhiy salomatlikka zarar yetkazishini oldindan bilgan va xavfsizlik choralarini ko‘rmaganlikda ayblangan.
Sud Meta kompaniyasini Nyu-Meksikoning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarini buzganlikda aybdor deb topdi va $375 mln jarimaga tortdi.
Jarima miqdori minglab alohida qoidabuzarliklardan shakllantirilgan bo‘lib, ularning har biri $5 minggacha baholangan. Bu qoidabuzarliklar sonidan kelib chiqqan holda qonunda nazarda tutilgan eng yuqori miqdordir.
Sudda sobiq xodimlarning kontentni moderatsiya qilish va tavsiya etishdagi muammolarni ko‘rsatuvchi guvohliklari tinglandi.
Sud jarayonida kompaniya xizmatlari voyaga yetmaganlarga nomaqbul materiallarni ko‘rsatishi va potentsial xavfli foydalanuvchilar bilan aloqa o‘rnatishga imkon yaratishi mumkinligi aniqlandi.
Hakamlar hay’ati bu holatni shtatning insofsiz tadbirkorlikka oid qonunini buzish deb topdi.
Meta hukmga qo‘shilmasligini va uning ustidan shikoyat qilmoqchi ekanligini ma’lum qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, u o‘smirlarni himoya qilish vositalariga, jumladan, maxsus akkauntlar va ota-ona nazoratiga faol sarmoya kiritmoqda.
Avvalroq Spot Meta va YouTube o‘smirlar ruhiyatiga yetkazilgan zarar uchun $6 mln to‘lashi haqida yozgandi.
Sud tomonidan ikkala kompaniya bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga qaramligi uchun aybdor deb topildi.