Sud Meta hamda Google kompaniyalarini ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik ishi bo‘yicha $6 mln tovon to‘lashga majburladi, deya xabar beradi “Variety” nashri.
Da’vogar 20 yoshli qiz bo‘lib, u bolaligida onlayn platformalarga qaram bo‘lib qolgani va jiddiy ruhiy muammolarga duch kelganini ma’lum qilgan.
Qarorni 12 kishidan iborat hakamlar hay’ati chiqardi. Ular kompaniyalar mahsulotlari foydalanuvchilarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan tarzda ishlab chiqilgan, degan xulosaga keldi.
Natijada da’vogarga tovon puli sifatida $3 mln undirib berildi. Kompaniyalar xuddi shuncha miqdorda jarima ham to‘laydi. Summaning asosiy qismini (70%) Meta, qolgan 30%ini esa Google qoplashi belgilandi.
Da’vogarning hikoyasi yoshligidan boshlangan: u hali boshlang‘ich sinfda o‘qib yurganidayoq Instagram va YouTube’da (Google kompaniyasiga qarashli) ro‘yxatdan o‘tgan va ko‘p o‘tmay deyarli butun vaqtini o‘sha yerda o‘tkazadigan bo‘lgan.
Uning aytishicha, bu holat boshqa mashg‘ulotlardan voz kechishiga hamda unda xavotir, tushkunlik va voqelikni noto‘g‘ri idrok etish kabi holatlar rivojlanishiga olib kelgan.
Tinglovlar davomida kompaniyalar vakillari, jumladan, Meta bosh direktori Mark Sukerberg va Instagram rahbari Adam Mosseri so‘zga chiqdi.
Ular o‘z mahsulotlarini himoya qilib, foydalanuvchilar xavfsizligi hamda o‘zini ifoda etish erkinligi o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga intilayotganini, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga “qaramlik” faktini biryoqlama hodisa sifatida tan olmasliklarini ta’kidladi.
Shunga qaramay, da’vogarning advokatlari cheksiz aylantirish (skrolling) kabi funksiyalar diqqatni jalb qilish va foydalanish vaqtini oshirish uchun maxsus ishlab chiqilganini qayd etdi.
Meta kompaniyasi allaqachon sud qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekanligini ma’lum qilib, o‘smirlarning ruhiy salomatligi muammosi ko‘p qirrali ekanligini va uni alohida ilovalar ta’siriga bog‘lab bo‘lmasligini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Google Android foydalanuvchilariga $135 mln tovon puli to‘lashi haqida xabar berilgandi.
Bunga ularning kompaniyaga qarshi shaxsiy ma’lumotlarni “maxfiy ravishda yig‘ish” da’vosi sabab bo‘lgan.