1-iyundan Maskat-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar berdi Dunyo axborot agentligi.

O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi Abdusalom Hotamov ushbu davlat meros va turizm vaziri Sayyid Ibrohim bin Said al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati va madaniy merosini keng targ‘ib qilish, turkompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

U O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yil sayin ortib borayotganini yuqori baholadi.

Shu bilan birga, 2026-yil 1-iyundan Maskat-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi taʼkidlandi.

O‘zbekiston prezidentining O‘monga bo‘lajak tashrifi arafasida Maskat shahrida mamlakatning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan Road Show tadbirini o‘tkazish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va O‘monda fotoko‘rgazmalar tashkil etish taklifi ham maʼqullandi.

2025-yilning iyunida O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida haftasiga 50 tagacha parvozlar amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar Samarqand va Salala aeroportlarida o‘zaro ochiq osmon rejimini o‘rnatishga kelishib olgandi.

Spot, avvalroq, Toshkentdan Venaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida yozgandi.