O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo importiga bojxona bojlari bekor qilinadi. Bu haqda 28-mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Idoralararo komissiyaning Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan hamkorlik bo‘yicha tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ilk ochiq muloqotida ma‘lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatga biznes vakillaridan tarif siyosati yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Xususan, ishlab chiqaruvchilar tayyor mahsulotlar importiga bojlar yo‘qligi, ayni vaqtda ishlab chiqarish uchun ayrim xomashyo, ehtiyot qismlar va butlovchi qismlarni olib kirishga boj solinayotganidan shikoyat qilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari ayrim tovarlar bo‘yicha “tarif inversiyasi” kuzatilayotganini ta‘kidladi: tayyor mahsulotlar bojdan ozod qilingan yoki pasaytirilgan stavkada boj undiriladi, biroq xuddi shunday mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun import qilinadigan xomashyo va materiallarga yuqori stavkada boj solinadi.
“Hozir shunday vaziyat kuzatilmoqdaki, xomashyo va materiallarga bo‘lgan asosiy ehtiyoj MDH mamlakatlari bilan bog‘liqligini, ayniqsa, keskin geosiyosiy vaziyatni inobatga olganda, ishlab chiqaruvchilar turli notarif to‘siqlarga duch kelmoqda. Natijada bu mahsulot tannarxining oshishiga va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning importga nisbatan raqobatbardoshligi pasayishiga olib kelmoqda. Ayrim hollarda ichki ishlab chiqarish iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lib, mahalliy korxonalar to‘liq quvvatda ishlay olmayapti”, — dedi Xodjayev.
2025-yil dekabr oyida prezident JST bilan hamkorlik bo‘yicha Idoralararo komissiyaga “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida ayrim tovarlarni olib kirishga va tayyor mahsulotlarni ichki bozorda sotishga ruxsat berish vakolatini bergan edi. Ishchi guruh tahlil o‘tkazib, tajriba tariqasida yangi tartib qo‘llanilishi rejalashtirilayotgan bir qator tovarlarni tanlab oldi.
Bosh vazir o‘rinbosari qandolat mahsulotlari misolida ishlatiladigan xomashyoning 38%i (shakar) Belarus va Rossiyadan olib kelinishini qayd etdi. Xomashyo bir tonnasi uchun o‘rtacha $650-$700 narxda bojsiz import qilinadi.
Masalan, Braziliyadan keltirilgan 1 tonna shakarning narxi o‘rtacha $500-$550 ni tashkil etadi. Biroq asosiy yetkazib beruvchilar boj to‘lovlaridan ozod qilingani uchun xomashyo O‘zbekistonga yuqoriroq narxda import qilinmoqda. 40 ga yaqin yirik mahalliy kompaniyaning tahliliga ko‘ra, shakarga bo‘lgan yillik ehtiyoj 100 ming tonnadan oshadi.
“Bu — birinchi qadam. Tajriba doirasida biz ‘qayta ishlash‘ bojxona rejimi asosida ishlab chiqarish jarayonlarida foydalaniladigan xomashyo, uskunalar va tovarlarga bojxona bojlarini bekor qilish bo‘yicha taklif tayyorladik”, — dedi u.
Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning ma‘lum qilishicha, hozirda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi doirasida olib kirilgan mahsulotlarni ichki bozorda sotishga ruxsat berish masalasi muhokama qilinmoqda.

Jamshid Xodjayev tayyor qandolat mahsulotlari, jumladan, shokolad importi mamlakat ichidagi ishlab chiqarishdan arzonroqqa tushayotganini tushuntirdi. Bunga tayyor mahsulotga bojxona bojlari bekor qilingani, asosiy tarkibiy qismlardan esa boj undirilayotgani sabab bo‘lmoqda
“Biz 15 turdagi tovar uchun bojlarni bekor qilmoqchimiz, garchi dastlab ularning soni 40 tadan oshgan bo‘lsa ham. Biroq boshqa ko‘plab tadbirkorlar: ‘Hurmatli komissiya, mana bu tovarlarni o‘zimiz ishlab chiqaramiz, iltimos, bojlarni bekor qilmang, chunki ertaga import bilan raqobatlasha olmaymiz‘, deyishdi. Biz tarkibidagi xomashyo O‘zbekistonda deyarli ishlab chiqarilmaydigan 15 turdagi tovarlarni ko‘rib chiqdik, shuning uchun bojxona rejimi doirasida hech qanday muammosiz bojlarni bekor qilishimiz mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari va boshqa tovarlar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
15 turdagi tovarlar ro‘yxatiga quyidagilar kirishi mumkin:
- elektr skuterlar;
- nogironlik aravachalari;
- kungaboqar yog‘i;
- marmeladlar;
- karamelli shirinliklar;
- shokolad;
- bolalar ozuqasi;
- tez tayyorlanadigan ugra;
- pryanik va pechenyelar;
- vaflilar;
- piroglar;
- kekslar;
- jem va murabbolar;
- konservalangan qulupnay;
- shakarli ichimliklar.
Bosh vazir o‘rinbosari shokolad misolida ertadan boshlab, qaysi mamlakatdan xarid qilinishidan qat‘i nazar, xomashyo uchun bojlar bekor qilinishini aytdi. Ochiq muloqot ishtirokchilari uning so‘zlarini qarsaklar bilan kutib oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, biznes faqat mahsulotni ichki bozorda sotgan taqdirdagina QQS to‘laydi. Bu so‘zlardan so‘ng zalda yana gulduros qarsaklar yangradi.
Bundan tashqari, tayyor mahsulot mamlakat ichida sotilganda, unga tayyor mahsulot sifatida boj undiriladi, biroq uni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyo bojsiz olib kiriladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston 2027-yilgacha 20 turdagi xomashyo importi uchun bojlarni pasaytirgani haqida yozgandi.