O‘zbekiston-Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi, deb xabar berdi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, 26-mart kuni SSPda Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O‘zbekiston-Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kengash tarkibiga jami 32 nafar vakil kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan palata rahbariyati va sohaviy uyushmalar vakillari, Afg‘oniston tomonidan esa palata hamda yetakchi xususiy kompaniyalar rahbarlari kiritildi.

Unda qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika va neft mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlar qamrab olingan bo‘lib, bu ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro savdoni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini $5 mlrdga yetkazishni belgilab, bu maqsadga erishish uchun aniq chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi.

Xususan, eksport salohiyatini kengaytirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish, moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Shuningdek, ko‘rgazmalar, biznes-forumlar va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan palata raisi Davron Vahobov kengash tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi sherikliklarni shakllantirish va investitsiya faolligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Mazkur kelishuv va belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlarni izchil amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va o‘zaro savdo hajmini sezilarli darajada oshirish kutilmoqda.

Fevral oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev O‘zbekiston — Afg‘oniston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yilda 2,5 barobarga o‘sganini maʼlum qilgandi. U bu ko‘rsatkichni $5 mlrdga yetkazish maqsad qilinganni bildirgan edi.

Mart oyiga kelib O‘zbekiston Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.

Bundan avval Avstriya, Iordaniya va Serbiya da O‘zbekiston ishtirokida Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro savdo 2030-yilgacha $2 mlrdga yetkazilishi haqida yozgandi.