01

Nima bo‘ldi?

Mart oyi boshida Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi barcha bekatlarni yangilash rejasini e’lon qildi. Ularni yagona standart asosida qayta jihozlash ko‘zda tutilgan.

O‘zgarishlar nafaqat bekat pavilyonlarining tashqi ko‘rinishiga, balki ularning qanday foydalanilishiga ham taalluqli bo‘ladi. Xususan, yo‘lovchilar uchun joyni kengaytirish maqsadida bekatlardan do‘konlar olib tashlanadi.

02

Nima uchun o‘zgartirishlar kiritilmoqda?

Hozirda bekatlarning bir qismidan maqsadli foydalanilmayapti. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, ulardagi do‘konlar maydonning katta qismini egallaydi, ba’zi hollarda esa butun maydonni band qilib, yo‘lovchilarni bekatlardan siqib chiqargan. Natijada yo‘lovchilar o‘tish joylarida yoki yo‘lning qatnov qismiga yaqinroq joyda turishga majbur bo‘lmoqda.

Poytaxtda savdo obyektlari joylashgan 110 ta bekat aniqlangan, shundan 61 tasida esa egalarining tegishli hujjatlari mavjud emas. Tekshiruvlar ayrim savdo nuqtalari bekatlarda noqonuniy ravishda joylashtirilganini ham ko‘rsatgan.

Hokimlik mazkur do‘konlarni joylashtirish uchun ruxsatnomalar qanday asosda berilganini hamda tadbirkorlar faoliyati, jumladan soliq to‘lovlari ham o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

03

G‘oya avval ham bo‘lganmi?

Toshkentda bekatlarni yangilash bo‘yicha rejalar birinchi marotaba e’lon qilinishi emas. Bu boradagi maqsadlar oldin oldin ham ma’lum qilingandi.

Masalan, 2023-yilda yagona dizayn, yoritish, kuzatuv kameralari, transport kelish vaqtini ko‘rsatuvchi tablo va boshqa infratuzilma elementlariga ega “aqlli bekatlar"ni yaratish rejalari e’lon qilingandi.

2024-yil oxirida esa tadbirkorlar reklama joylashtirish orqali daromad olish evaziga bekatlarni o‘rnatish va xizmat ko‘rsatishda ishtirok etishi mumkinligi aytilgan edi.

Hozirgi dastur ham ko‘p jihatdan shu yondashuvning davomi hisoblanadi.

04

Bekatlar bilan kim shug‘ullanadi?

Bekatlarni yangilash ishlarini Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) muvofiqlashtiradi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmidan foydalanish rejalashtirilgan.

Bekatlar elektron auksionlar orqali tadbirkorlarga uzoq muddatli ijaraga beriladi. Biznes uchun asosiy daromad manbai bekatlarning yon va orqa panellarida reklama joylashtirish bo‘ladi.

05

Endi nima bo‘ladi?

Bekatlardagi do‘konlar demontaj qilinadi. Ularning o‘rnida yo‘lovchilar oqimiga moslashtirilgan to‘liq bekat maydonlari tashkil etiladi.

Masalan, agar bekatdan ko‘p avtobus yo‘nalishlari o‘tsa, uning uzunligi va kengligi kengaytirilishi mumkin.

06

Demontaj qanday amalga oshiriladi?

Demontaj faqat tegishli hujjatlar — sud qarori yoki buzishga asos bo‘luvchi boshqa rasmiy hujjatlar mavjud bo‘lganda amalga oshirilishi kerak.

Agar tadbirkorga buzish asosini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, u ularni talab qilish va belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Biznes-ombudsman ma’lumotiga ko‘ra, mulk huquqlarini cheklash faqat qonuniy tartibda va barcha protseduralarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi zarur.

07

Yangi bekatlar qanday bo‘ladi?

Bekatlar yagona standart asosida quriladi.

Asosiy jihozlar:

  • yoritish tizimi;
  • videokuzatuv kameralari;
  • favqulodda chaqiruv tugmalari;
  • avtobuslar harakat jadvalini ko‘rsatuvchi elektron tablo;
  • tezkor xaridlar uchun vending qurilmalari.

Shuningdek, bekatlar barcha yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lishi kerak: platformalar tekis, to‘siqlarsiz va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham mos bo‘ladi.

08

Loyiha nechta bekatga ta’sir qiladi?

Xatlov ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida 2717 ta avtobus bekati mavjud. Ularning 1185 ga yaqini modernizatsiya qilinib, yagona standartga keltirilishi rejalashtirilgan.

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’kidladi. Shuningdek, ish olib borilishi rejalashtirilgan bekatlar xaritasi ham e’lon qilindi. U bilan bu yerda tanishish mumkin.

09

Bekatlardagi do‘konlar taqdiri nima bo‘ladi?

Hokimlikning Spot’ga ma’lum qilishicha, do‘kon egalari uchun muqobil joylar taklif qilinadi.

Tadbirkorlar bekatdan 100 metr radiusda, piyodalar oqimi mavjud bo‘lgan joylarda yengil konstruksiyali savdo nuqtalarini o‘rnatishi mumkin.

Shuningdek, hokimlik mavjud imkoniyatlar doirasida boshqa joylashtirish variantlarini ham ko‘rib chiqishga tayyor. Shartlar har bir tadbirkor bilan alohida muhokama qilinadi.

10

O‘tish jarayoni qanday bo‘ladi?

Savdo nuqtalarini ko‘chirish muddatlari individual ravishda belgilanadi, deya ta’kidlanadi shahar ma’muriyatida. Tadbirkorlarning bir qismi allaqachon xabarnoma olib, ko‘chishni boshlagan. Qolgan masalalar ish tartibida — hokimlik bilan kelishilgan holda hal etiladi.

11

Savollar bo‘lsa qayerga murojaat qilish mumkin?

Tadbirkorlar tuman hokimliklariga yoki Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilishi mumkin.

Shuningdek, rasmiy aloqa kanallari va Telegram-bot orqali ham savollar yuborish imkoniyati mavjud: https://t.me/poytaxtuz_bot.

Hokimlik matbuot xizmati kelib tushayotgan murojaatlar muntazam kuzatib borilayotgani va ularga javob berilishini ta’kidladi.