Toshkent shahrida “aqlli” bekatlar paydo bo‘ladi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Shaharning “Bobur” va “Furqat” ko‘chalarida yo‘llarni joriy ta’mirlash, transport harakatini optimallashtirish hamda ITTni joriy etish ishlari boshlandi. Uning doirasida sinov tariqasida “aqlli” bekatlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Bu bekatlar yordamida jamoat transporti yo‘lovchilari va aholi o‘z mobil qurilmalarini quvvatlantirishi, Wi-Fi tarmog‘idan foydalanishi mumkin.

Kutilayotgan avtobus kelishiga qancha vaqt qolganligini ko‘rish uchun elektron tablo o‘rnatiladi hamda bekat videokuzatuv tizimi bilan jihozlanadi.

Bundan tashqari, Muqimiy nomidagi teatr oldida avtomobillar uchun pullik “parkovka"lar va elektromobillarni quvvatlantirish joylari sinov tarzida tashkil etiladi.

Shuningdek, velosiped va samokat foydalanuvchilari ham turargohdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi hamda bu bepul amalga oshiriladi.

Bu esa mazkur manzilda yo‘l bo‘yida to‘xtash joylari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashi va kikshering foydalanuvchilari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratishi ta’kidlanmoqda.

Hokimlik qayd etishicha, yuqoridagi ko‘chalarda rejalashtirilgan ishlar haqida yana batafsil ma’lumot beriladi.

Avvalroq Toshkent shahar hokimligi metropolitenning yer usti liniyalari ostidagi tijorat binolarini ijaraga berishi haqida ma’lum qilingandi.