Raqobat qo‘mitasi narxlarni asossiz oshirib, mahsulot hajmlarini sun‘iy ravishda savdolarga chiqarmagani uchun 31 ta korxonaga nisbatan chora ko‘rdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi propan import qiluvchi xo‘jalik yurituvchilarga nisbatn ish qo‘zg‘atilgan edi. Ular 2025-yil noyabr-dekabr oylari va joriy yilning yanvar oyida birjada propanning boshlang‘ich narxlarini asossiz oshirish va hajmlarini sun‘iy ravishda chiqarmaslik natijasida narxlarning oshishiga olib kelgan.
Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida propan narxi 21% gacha arzonlashtirildi.
Nazorat tadbirlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan o‘tkazilgan muhokamalar yakuniga ko‘ra, quyidagi 31 ta kompaniya tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan deb topildi:
- Poytug‘ Gaz To‘ldirish Korxonasi
- Taraqqiyot Gaz Servis
- Shirin Gaz Servis
- Oltinko‘l Hamkor Rivoj
- Osiyo Hamkor Maks
- Inginering Gazavto Servis
- Namangan-Istiqlol Bog‘i
- Nasaf Taminot Gaz Press
- Friday-Extra
- Saidbek Turabov
- Planeta Neft Gaz Invest
- Gold Samarkand Oil
- Maroqand-Energy Gaz Oil
- Asatillo Bobo Gaz Invest
- Unit Group Sirdarya
- Gazone
- Critical Merchant
- Nafton
- Farg‘ona Gaz To‘ldirish Stansiyasi
- Davr Global System
- Lutf Gaz Oil
- Prime Energi Oil
- Oilchem
- Sh-Z Handsome Group
- Crude Oil
- Tarbatneft
- Interneft
- Gtl Gaz
- Wimbledon Oil
- Inter Gas Oil Lpg
- Energie-Group
Shundan 12 tasi birja savdolarida raqobatga zid muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirgan. Bular Jumladan, Shirin Gaz Servis, Nasaf Taminot Gaz Press, Friday-Extra, Maroqand-Energy Gaz Oil, Asatillo Bobo Gaz Invest, Unit Group Sirdarya, Gazone, Farg‘ona Gaz To‘ldirish Stansiyasi, Oilchem, Sh-Z Handsome Group, Interneft va Gtl Gaz korxonalari.
Qolgan holatlarda esa birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirish, shuningdek mahsulotni qonunchilikka zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish holatlari aniqlangan.
Maxsus komissiya tomonidan 31 ta subyektga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilgani e‘tirof etildi.
Qonunbuzilish davridagi tovar aylanmasiga nisbatan 28,9 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash hamda asossiz olingan 34,1 mlrd so‘m mablag‘ni respublika byudjetiga undirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Maxsus komissiya qaroridan norozi tomonlar qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Yanvar oyida Raqobat qo‘mitasi propan narxining asossiz oshirilishiga qarshi choralarni kuchaytirgandi. Qo‘mita metan gaziga vaqtinchalik cheklovlar fonida suyultirilgan gaz narxini sun’iy oshirgan bozor ishtirokchilariga nisbatan ish qo‘zg‘atib, birjada narxlarni barqarorlashtirish choralarini ko‘rayotgani aytilgan edi.
Spot, avvalroq, Namanganda 26 ta dorixona 497 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olgani maʼlum bo‘lgani haqida yozgandi.