Bir yildan ortiqroq faoliyatidan keyin Ulug‘bek Tavakkalov Kapitalbank boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimidan ketdi. U bu ma‘lumotni Spot‘ga tasdiqladi. Shunga qaramay, bank saytidagi boshqaruv sahifasida u hamon rais o‘rinbosari sifatida ko‘rsatilgan.

Tavakkalovning LinkedIn‘dagi profilida uning Kapitalbankdagi faoliyati yakunlangani ko‘rsatilgan — 2026-yil mart oyi so‘nggi ish oyi sifatida qayd etilgan.

Bundan tashqari, shu oydan boshlab uning yangi ish joyi sifatida Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti ko‘rsatilgan. Tavakkalov u yerda yarim stavkada ma‘ruzachi sifatida ishlamoqda.

2024-yil noyabr oyida Ulug‘bek Tavakkalov Kapitalbank‘ka kuzatuv kengashi raisining maslahatchisi lavozimiga o‘tgan edi. O‘tgan yilning fevralida esa uning bankning chakana yo‘nalishini rivojlantirishga mas‘ul bo‘lgan boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani ma‘lum bo‘lgandi.

2024-yil noyabrida Tavakkalov aprel oyidan buyon o‘zi boshqarib kelayotgan Madad Invest Bank boshqaruvi raisi lavozimidan ketdi. Uning davrida Madad Invest Bank rebrendingdan o‘tib, o‘z nomini mybank (mening bankim") deb o‘zgartirdi.

Ulug‘bek Tavakkalovning oldingi ish joyi Tenge Bank bo‘lib, u yerda 2021-yil may oyidan boshlab boshqaruv raisi o‘rinbosari sifatida ishlagan. Bungacha Tavakkalov xuddi shunday lavozimda O‘zsanoatqurilishbank‘da ham faoliyat yuritgan.

2020-yilda Spot Ulug‘bek Tavakkalov bilan O‘zbekistondagi banklar mavzusida suhbatlashgan edi. Intervyuda nima uchun hamon banklarga borishga to‘g‘ri kelayotgani, qachon kredit olish muammo bo‘lmay qolishi, xususiylashtirishdan nimalar kutish kerakligi va boshqa ko‘plab masalalar muhokama qilingan.