Ulug‘bek Tavakkalov “Madad Invest Bank” boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda u Spot muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

6-aprel, shanba kuni o‘tkazilgan bank aksiyadorlarining navbatdagi yillik yig‘ilishida o‘tgan yil yakunlari sarhisob qilinib, joriy yildan 2027-yilgacha bo‘lgan davrda o‘rta muddatli rivojlanish strategiyasi qabul qilindi.

“Strategiya doirasida kichik va o‘rta biznesga alohida e’tibor qaratilib, bank mahsulot va xizmatlarini rivojlantirish va raqamlashtirish, ularni masofaviy kanallar orqali ko‘rsatish imkoniyati mavjud, — dedi Ulug‘bek Tavakkalov.

“Madad Invest Bank” raisi, shuningdek, moliya instituti filiallarini savdo nuqtalariga aylantirib, bek-ofis operatsiyalarini markazlashtiruvchi yangi tuzilma qabul qilinganini ham ma’lum qildi.

1-mart holatiga ko‘ra, “Madad Invest Bank” aktivlari bo‘yicha 32-o‘rinni egallab, 325 mlrd so‘mni yoki bank tizimi barcha aktivlarining qariyb 0,1%ini tashkil etadi. 15-mart kuni bankning ustav kapitali 150 mlrd so‘mga oshdi.

Ulug‘bek Tavakkalov “Madad Invest Bank” boshqaruvi raisi etib tayinlangunga qadar 2021-yilning may oyidan buyon “Tenge Bank” boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Undan oldin esa, 18 yil davomida “O‘zsanoatqurilishbank"da turli lavozimlarda ishlagan.