Oracle sun’iy intellekt infratuzilmasini moliyalashtirish uchun kapital xarajatlarning o‘sishi fonida “minglab” xodimlarni qisqartiradi.

CNBC, Business Insider va BBC manbalari hamda kompaniya xodimlariga tayanib, Oracle’da “katta” qisqarishlar bo‘layotgani haqida xabar berishmoqda.

Qisqarishlar turli bo‘limlardagi mutaxassislarni qamrab olgan va ularning ish samaradorligi bilan bog‘liq bo‘lmagan.

2025-yil may oyi oxiriga kelib kompaniyada 162 ming kishi ishlagan. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, 10 mingga yaqin xodim qisqartirishga uchragan bo‘lishi mumkin.

Qisqarishlar kompaniyaning 2026 moliyaviy yilidagi kapital xarajatlarini $35 mlrd dan $50 mlrdgacha oshirish rejalari fonida amalga oshirilmoqda.

Bloomberg oldin Oracle’ning ma’lumot markazlarini kengaytirish xarajatlari oshgani sababli “minglab” xodimlarni qisqartirish rejalari haqida yozgan edi.

Oracle aksiyalari 2026-yil 31-martda 6% ga oshgan, 1 aprel premarketda esa yana taxminan 1% ga ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, 2026 yil boshidan beri Oracle aksiyalari taxminan 25% ga tushgan, deya xabar beradi CNBC.


Avvalroq Oracle O‘zbekistonda bulutli xizmatlarni joriy qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, AQSH kompaniyasi butun Markaziy Osiyoda ham mazkur texnologiyani joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.