Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mobil telefon sotuvchilari tomonidan O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talablari buzilayotganiga e’tibor qaratdi.

Joriy yilning o‘tgan davrida nazorat organi va uning hududiy boshqarmalari iste’molchilardan IMEI bilan bog‘liq muammolar yuzasidan 147 ta shikoyat qabul qildi.

Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, qurilmalar UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lib chiqqan, shu sababli xariddan so‘ng ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilgan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 55 ta murojaat ijobiy hal etildi. Yana 89 ta holatda qo‘mita tomonidan huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 3 ta holatda murojaatlar vakolatli organlarga yuborilgan.

“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun sotuvchilardan tovarlar va xizmatlar to‘g‘risida “zarur, ishonchli va ochiq ma’lumotlarni” o‘z vaqtida taqdim etishni talab qiladi, deya eslatdi qo‘mita.

Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi kafolat muddati davomida tovar yoki xizmatning normal ishlashini ta’minlashi kerak.

Shuningdek, qonunda iste’molchining tovarni erkin tanlash va uning sifatiga talablar qo‘yish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. Bunda sotuvchi tomonidan xizmatlarni majburan qabul qildirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

2021-yildagi mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tadbirkorlar qurilmalarni UzIMEI tizimiga kiritishga mas’ul hisoblanadi. IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati ishlab chiqaruvchilar va importchilar zimmasida bo‘lib, sotuvchi ro‘yxatdan o‘tgan qurilmalarni taqdim etishni ta’minlashi kerak.

Agar ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talablariga rioya qilmasa, qo‘mita belgilangan tartibda “ta'sir choralari” qo‘llanilishi haqida ogohlantirdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, UzIMEI ishga tushirilgandan so‘ng olti yil ichida mobil telefonlarning rasmiy importi 265 baravarga oshib, 3,57 mln donaga yetdi. Yetkazib berish “oqlanishi” tufayli yig‘ilgan bojxona to‘lovlari hajmi 621 mlrd so‘mdan oshdi — bu tizim joriy etilgunga qadar 2018-yilga nisbatan 121 baravar ko‘pdir.

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish

Hukumatning 2024-yil 28-yanvardan kuchga kirgan 2019-yil 17-sentabrdagi qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan telefonlarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tovarlarni olib kirishning cheklangan me’yorlaridan qat’i nazar deklaratsiya to‘ldiriladi.

Fuqarolar va xorijliklar har bir chegarani kesib o‘tishda havo bandargohlari orqali ikkita uyali telefonni bojsiz olib kirishlari mumkin. Shu bilan birga, ularning umumiy qiymati $2000 dan oshmasligi kerak (poyezdda — $1000, avtomobilda $300 gacha). Agar qurilmalarning narxi belgilangan miqdordan oshib ketsa, u holda limitdan ortiqcha summaga 30% miqdorida boj undiriladi.

Noyabr oyi boshida Bojxona qo‘mitasi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda deklaratsiyalanmagan qurilmalarni aniqlash uchun UzIMEI tizimini integratsiya qilish yakunlangani haqida xabar bergandi. Vazirlik telefonlarni olib kirishda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda talab qilinadigan deklaratsiyani to‘ldirishga va bepul olib kirish miqdoridan oshib ketgan qurilmalarni yashirmaslikka chaqirdi.

“Agar UzIMEI tizimida olib kirilgan telefonning bojxona deklaratsiyasi haqida ma’lumot bo‘lmasa, qurilma qiymatining 30%u miqdorida bojxona to‘lovini to‘lashga to‘g‘ri keladi, shundan so‘ng qurilma ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ungacha telefondan foydalanib bo‘lmaydi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Bundan tashqari, vazirlik telefonlarni bozorlar, savdo nuqtalari yoki onlayn do‘konlardan sotib olayotganda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirishni tavsiya qildi. Agar qurilma ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, xaridorlar bojxona to‘lovlarini mustaqil ravishda to‘lashga majbur bo‘ladilar. Savollar yuzaga kelganda 1108 raqamiga murojaat qilish mumkin.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi Spot so‘roviga javoban fuqarolar telefonlarni olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish uchun qizil yo‘lakdan o‘tishlari kerakligini tushuntirdi. Agar qurilma deklaratsiya qilinmasa, uni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi. U holda bojxona organlariga murojaat qilib, boj to‘lovlarini amalga oshirish lozim.