Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni to‘lovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirish va moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda mamlakatda 300 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar va 5,5 mln nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyat yuritadi. Xususiy biznesning iqtisodiyotdagi ulushi so‘nggi besh yilda 45% dan 58% ga oshdi.

Joriy yilda kichik va o‘rta biznesga 140 trln so‘m kredit ajratish, banklar tomonidan jalb qilinayotgan $8 mlrd tashqi resurslarni mahalladagi tadbirkorlikka yo‘naltirish, ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar infratuzilmasini yaxshilash uchun hududlarga 20 trln so‘m ajratish belgilangan.

Shu bilan birga, yaratilgan korxonalar va ish o‘rinlarini saqlab qolish, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlarni erta bosqichda qo‘llab-quvvatlash borasida hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi qayd etildi.

Xususan, faoliyat ko‘rsatmayotgan va faoliyati tugatilgan kichik korxonalar sonining o‘sish tendensiyasi kuzatilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu holat amaldagi tizim korxonani saqlab qolish va qayta tiklashga emas, ko‘proq uning faoliyatini rasmiy tugatishga qaratilganidan dalolat berayotgani qayd etildi.

To‘lovga qobiliyatsizlik taomillari yetarli darajada qo‘llanilmayotgani ta’kidlandi.

Moliyaviy ahvoli og‘irlashgan 93 mingta tadbirkorning atigi 10 mingtasi bo‘yicha to‘lovga qobiliyatsizlik ishi qo‘zg‘atilgan. Sudgacha va sud sanatsiyasi tizimi amalda samarali ishlamayapti, so‘nggi besh yilda atigi 68 ta korxonaga sanatsiya taomili qo‘llanilgan, shundan faqat 7 tasining faoliyati tiklangan.

Sud boshqaruvchilari faoliyati ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Qator holatlarda ish yuritish muddatlari buzilgani, asossiz xulosalar berilgani, soxta bankrotlik alomatlarini o‘z vaqtida o‘rganish mexanizmi yetarli emasligi qayd etildi. Sud boshqaruvchilariga haq to‘lash tizimidagi bo‘shliqlar malakali mutaxassislarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotgani, ayrim holatlarda esa ishlarni sun’iy cho‘zishga sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, soha raqamlashtirilmagani, onlayn monitoring va nazorat yo‘qligi, bankrot yoki to‘lovga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarning ochiq reyestri mavjud emasligi, davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.

Shu munosabat bilan sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi institutsional yondashuvlar taklif qilindi.

Xususan, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tashkil etish taklif qilindi.

Ushbu tuzilma quyidagilar bilan shug‘ullanadi:

  • sohada yagona davlat siyosatini yuritish;
  • davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • bankrotlik omillarini tahlil qilish va bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish.

Sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Sud boshqaruvchilari palatasini tuzish taklif etildi. Palata sud boshqaruvchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishni tashkil etadi, ular tomonidan qonunchilik va kasb etikasiga rioya etilishini monitoring qiladi, huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

Avvalroq Spot xotin-qizlar o‘z uyida biznes boshlashi uchun yangi dastur joriy etilishi haqida yozgandi.