O‘zbekistonda 2026-yil boshidan buyon neft, gaz va gaz kondensati qazib olish keskin kamaygan, deyiladi Statistika agentligi hisobotida.
Yanvar-fevral oylarida 204,4 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 8,6% ga ko‘pdir.
O‘sish kuzatilganiga qaramay, avtobenzin ishlab chiqarish hajmi 2024-yilgi darajadan (241,1 ming tonna) 15,2% ga pastligicha qolmoqda.
Neft, tabiiy gaz va gaz kondensati ishlab chiqarish hajmi muttasil qisqarib bormoqda. Ikki oy davomida 103,1 ming tonna neft (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan -2,6%), 6,9 mlrd kubometr gaz (-6,8%) va 157,7 ming tonna gaz kondensati (-16%) qazib olindi.
2024-yilning yanvar-fevral oylariga nisbatan gaz qazib olish 10,4% ga, neft — 13% ga, gaz kondensati esa 26,5% ga kamaygan.
Ijobiy dinamika faqat portlandsement (+22,7%) va dizel yoqilg‘isi (+8,7%) ishlab chiqarishda kuzatilmoqda. 2024-yil bilan taqqoslaganda, portlandsement ishlab chiqarish hajmi 1,6 mln tonnadan 2,7 mln tonnaga oshgan bo‘lsa, dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 123,1 ming tonnadan 81 ming tonnaga tushgan.
O‘z navbatida, dastlabki ikki oydagi ko‘mir qazib olish hajmi uch yildan buyon o‘zgarmasdan qolmoqda — 0,7 mln tonna.
Bundan tashqari, elektr energiyasi ishlab chiqarish 6% ga oshib, 15,25 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish 63,2% ga (4,57 mln kVt⋅soat) oshgani, yirik korxonalar esa generatsiyani 7,8% ga (10,67 mln kVt⋅soat) qisqartirgani hisobiga ro‘y berdi.
Shuningdek, issiqlik energiyasi ishlab chiqarishda ham 13,1% lik pasayish qayd etilib, bu ko‘rsatkich 4,53 ming Gkalni tashkil etdi.
25-mart kuni Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekneftgazda gaz qazib chiqarish hajmi kamaygani va uni qoplash choralari haqida axborot berildi. Prezident neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Xitoyga gaz eksportini deyarli to‘xtatdi va importni 4 barobarga oshirgani haqida yozgandi.