O‘zbekistonda dollar kursi yana ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
7-apreldan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 175,34 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 4 so‘m 67 tiyinga oshdi.
Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
2026-yilning yanvar-mart oylarida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz qadrsizlandi. Mart oyida milliy valyuta 74,14 so‘mga yoki 0,61% ga arzonlashib, kurs 12 210,71 so‘mni tashkil etdi.
Oyning birinchi yarmida so‘m mustahkamlangan bo‘lsa, ikkinchi yarmida deyarli har bir savdo sessiyasida dollar qimmatlashdi. Mart oxirida tijorat banklarida dollar kursi 12,2 ming so‘mdan yuqori darajada saqlanib qoldi.
Iqtisodchi, Mirkonomika Telegram-kanali muallifi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, so‘m Quvayt dinori bilan bir qatorda dollarga nisbatan eng kam devalvatsiyaga uchragan valyutalardan biri bo‘lib, ko‘plab rivojlangan mamlakatlar valyutalarini ortda qoldirgan.
Avvalroq Spot 2025-yilda O‘zbekistonda oltin quymalar daromadliligi 54,5% ni tashkil etgani haqida yozgan edi. Bu ko‘rsatkich banklardagi so‘m va dollardagi depozitlar daromadliligidan sezilarli yuqori bo‘ldi.