O‘zbekistonda o‘lchovli oltin quymalar daromadliligi sezilarli oshdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha bozor sharhida keltirilgan.

2020−2021-yillarda qimmatbaho metallarga kiritilgan investitsiyalar daromadliligi nisbatan past bo‘lib, mos ravishda minus 10,2% va 4,1% ni tashkil etgan. 2022-yildan boshlab esa oltin narxlarining o‘sishi qayd etilib, daromadlilik 5,1% ga oshdi.

2023−2025-yillarda jahon bozorida oltin narxining sezilarli darajada oshishi fonida oltin quymalarning daromadliligi banklarda so‘m va dollarda taklif etilgan depozitlarning o‘rtacha yillik foiz stavkalariga nisbatan yuqoriroq shakllandi. Xususan, bu 2023-yilda 25,3%, 2024-yilda esa 31,6% ni tashkil etdi.

2025-yilda esa oltinga kiritilgan investitsiyalarning yillik daromadliligi 54,5% gacha oshdi. Bu davrda banklardagi so‘mdagi depozitlarning o‘rtacha stavkasi 19,3%, dollardagi depozitlar esa 4,8% bo‘lgan.

markaziy bank, oltin, oltin quymalar, omonatlar

Markaziy bank oltin foizli daromad keltirmaydigan va narxi yuqori tebranuvchan aktiv hisoblanishini eslatib o‘tdi.

So‘nggi uch yil davomida geosiyosiy hamda makroiqtisodiy omillar ta’sirida oltin narxining keskin o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, uzoqroq muddatli davrlarda uning narxida sezilarli pasayish holatlari ham qayd etilgan.

Bank depozitlari bo‘yicha foiz stavkalar, oltindan farqli ravishda, nisbatan barqaror darajada shakllanadi. Oltin aktivlarining daromadliligi
esa ko‘proq jahon bozoridagi narx dinamikasiga bog‘liq bo‘lib, uning kelgusidagi daromadliligi oldindan kafolatlanmaydi.

Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar bir yilda yarim tonnadan ko‘proq oltin quymalar sotib olgani haqida yozgan edi. So‘nggi olti yilda banklar orqali 65 mingdan ortiq o‘lchovli oltin quymalar sotilgan bo‘lib, ularning asosiy qismini 5 va 10 grammli quymalar tashkil etdi.