Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qiladi, deya xabar berdi Dunyo axborot agentligi.

Nashrning yozishicha, Tailand hukumati vizasiz kirish tartibi va vizani rasmiylashtirish tizimiga (Visa on Arrival) o‘zgartirishlar kiritish taklifini ma’qullagan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, 2026-yil 15-iyuldan boshlab 93 davlat, jumladan, o‘zbekistonliklar uchun amaldagi 60 kunlik vizasiz rejim bekor qilinadi.

Qaror mahalliy Royal Gazette gazetasida rasman e’lon qilinganidan keyin 15 kun o‘tgach kuchga kiradi. Nashr kelasi hafta e’lon qilinishi kutilmoqda, deya qo‘shimcha qildi Dunyo.

20-may kuni Spot Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga Tailandda o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejim o‘zgarishi mumkinligi haqida murojaat qildi.

O‘shanda TIV ushbu masala bo‘yicha rasmiy murojaat yoki xabarnomalar kelib tushmaganini ma’lum qilgan va rasmiy ma’lumot olingandan so‘ng qo‘shimcha tushuntirish berishga va’da bergandi.

2024-yilning yozida Tailand hukumati COVID-19 pandemiyasidan keyin turizm sohasini tiklash uchun sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha 93 davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etgan.

tailand, vizasiz rejim

Nima sodir bo‘ldi?

O‘tgan hafta boshida Tailandda Ukraina, Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya va aksariyat Yevropa davlatlari kabi 93 davlat fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz kirish dasturi bekor qilingani ma’lum bo‘ldi.

“BBC rus xizmati"ning yozishicha, endi sayyohlarning aksariyati mamlakatda faqat 30 kun vizasiz qolishlari mumkin, ba’zi mamlakatlar fuqarolari esa kelganlarida viza olishlari kerak bo‘ladi.

Mahalliy Tashqi ishlar vazirligi yangi choralar birinchi navbatda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilganini tushuntirdi. Bu narkotiklar va jinsiy ekspluatatsiya uchun odam savdosi bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha chet elliklarning bir qator shov-shuvli hibsga olinishidan, shuningdek, kichikroq huquqbuzarliklar sonining ko‘payishidan keyin sodir bo‘ldi.

Tailand Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 19-may kuni Vazirlar Mahkamasi vizasiz kirish va kelish vaqtida viza rasmiylashtirish qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni ma’qullagan.

Yangi choralarga ko‘ra:

  • har bir mamlakat yoki hudud uchun faqat bitta vizasiz kirish rejimi amal qiladi;
  • barcha 93 mamlakat va hududlar uchun 60 kunlik vizasiz rejim bekor qilinadi (ro‘yxat yuqorida keltirilgan);
  • turistik maqsadlarda 30 kunlik vizasiz kirish qayta ko‘rib chiqiladi va unga tushadigan mamlakatlar va hududlar ro‘yxati 57 tadan 54 tagacha qisqartiriladi;
  • uchta mamlakat va hududlar uchun turistik sayohatlar uchun 15 kunlik yangi vizasiz rejim joriy etiladi;
  • shuningdek, kelish vaqtida viza olish tartibi qayta ko‘rib chiqilib, fuqarolari undan foydalanishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar va hududlar ro‘yxati 31 tadan 4 taga qisqartirilmoqda.

“Tailandda amaldagi vizasiz kirish dasturlari doirasida allaqachon bo‘lib turgan chet elliklar, shuningdek, ushbu o‘zgarish kuchga kirgunga qadar Tailandga kelishni rejalashtirayotganlar ruxsat etilgan qolish muddati tugagunga qadar mamlakatda qolishlari mumkin”, — deyiladi xabarda.

tailand, vizasiz rejim

Tailand Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan viza tartibiga ko‘ra, O‘zbekiston 15 kundan 30 kungacha vizasiz kirish, shuningdek, kelgach viza olish imkoniyati berilgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilmadi.

Mazkur material e’lon qilingan vaqtda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejimdagi ehtimoliy o‘zgarishlar yuzasidan rasmiy izoh bermadi.


Avvalroq Spot to‘rt oy ichida O‘zbekistonga 4 mlndan ortiq xorijiy sayyoh kelgani haqida yozgandi.

Xitoydan sayohatlar soni deyarli 3,5 barobar, Qozog‘istondan esa 1,5 barobardan ko‘proqqa oshdi.