Markaziy bank 500 ming so‘mlik banknotlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

7-aprel kuni bir qator ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda 500 ming so‘mlik kupyura chiqarilishi va ularda Mirzo Ulug‘bek surati tushirilishi xabarlar tarqaldi.

Regulyator tomonidan qayd etilishicha, mazkur ma’lumot asossiz bo‘lib, yolg‘on va feyk. U haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Barcha rasmiy ma’lumotlar uchun Markaziy bankning rasmiy sahifalarini kuzatib borishingizni so‘raymiz”, deyiladi Markaziy bank xabarida.

2024-yilning fevralida Markaziy bank 400 ming so‘mlik banknotlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 100 ming so‘mlik banknotning nominali ko‘rsatilgan raqamlarini 400 ming raqamiga o‘zgartirilgan holatidagi rasmlari tarqalgan.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonunining 39-moddasiga asosan O‘zbekiston pul belgilarining nominal qiymati regulyator tomonidan belgilanadi.

Mazkur qonunning 40-moddasiga muvofiq, Markaziy bank mamlakat hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega hisoblanadi.

Shu bilan birga, yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar hamda ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan OAVda e’lon qilinadi.

Regulyator ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 400 ming so‘m nominaldagi banknotlar hech qanday qonuniy asoslarga ega emasligini qayd etdi.

Shuninigdek, Markaziy bank fuqarolardan bunday yolg‘on xabarlarga aldanib qolmaslikni so‘ramoqda.

2022-yilning iyulida Markaziy bank yangi ko‘rinishdagi 200 ming so‘mlik banknotlarni muomalaga chiqargandi.