Markaziy bank 400 ming so‘mlik banknotlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 100 ming so‘mlik banknotning nominali ko‘rsatilgan raqamlarini 400 ming raqamiga o‘zgartirilgan holatidagi rasmlari tarqalgan.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonunining 39-moddasiga asosan O‘zbekiston pul belgilarining nominal qiymati regulyator tomonidan belgilanadi.

Mazkur qonunning 40-moddasiga muvofiq, Markaziy bank mamlakat hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega hisoblanadi.

Shu bilan birga, yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar hamda ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan OAVda e’lon qilinadi.

Regulyator ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 400 ming so‘m nominaldagi banknotlar hech qanday qonuniy asoslarga ega emasligini qayd etdi.

Shuninigdek, Markaziy bank fuqarolardan bunday yolg‘on xabarlarga aldanib qolmaslikni so‘ramoqda.

2022-yilning iyulida Markaziy bank yangi ko‘rinishdagi 200 ming so‘mlik banknotlarni muomalaga chiqargandi.