Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlashga qaratilgan yo‘nalishlarda O‘zbekiston budjetidan vaqtinchalik subsidiyalar ajratilishi belgilandi.
2026-yil 1-apreldan 1-avgustgacha tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50%i, biroq har bir kilogramm go‘sht uchun $0,8 dan oshmagan miqdorda ajratiladi.
Shuningdek, yil oxirigacha xorijiy davlatlardan havo transporti orqali import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10%i, biroq har bir bosh qoramol uchun 4 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya beriladi.
Mazkur qarorga muvofiq subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Avvalroq 2026-yilda O‘zbekistonda jami $367 mlnlik 1 mingta chorvachilik loyihalari ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.
100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qo‘y-echki import qilinadi, fermerlarga yengil konstruksiyali bino qurishga ruxsat etiladi, nasldor hayvonlar uchun subsidiyalar 5 yilga uzaytiriladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda go‘sht importi uchun veterinariya ruxsatnomalarini rasmiylashtirish jarayoni soddalashtirilishi haqida ma’lum qilindi.
Xorij eksportchilar ro‘yxatiga kirmagan korxonalar zarur hollarda 1 yilgacha muddatga ruxsatnomalar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.