Senat to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Yalpi majlisda banklar, operatorlar va tashkilotlarda bank kartalaridan foydalangan holda o‘g‘rilik hamda firibgarlik holatlari sodir etilishining oldini olishga qaratilgan yangi tizim va himoya mexanizmlarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Qonun bilan quyidagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi;
  • “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi;
  • “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi;
  • “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi.

Bu o‘zgartirishlar operatorlar hamda to‘lov tashkilotlari faoliyatini tartibga solishga, antifrod va biometrik identifikatsiya tizimlarini joriy etishga hamda litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan.

“Qonun to‘lov xizmatlari bozorida xavfsizlikni ta’minlashga, moliyaviy firibgarliklarning oldini olishga, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Senatorlarning fikricha, hujjat raqobat muhitini ta’minlash, litsenziyalash jarayonlarini kamaytirish va banklarning to‘lov xizmatlari bozoridagi faoliyatini rag‘batlantiradi.

2025-yilning iyun oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi to‘lov tizimi operatorlari va tashkilotlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilgandi. Hujjat Markaziy bankka tashkilotlarning tavakkalchiliklarini boshqarish tizimiga doir minimal talablarni belgilash vakolatini beradi. To‘lov tashkilotlari to‘lov faoliyatining ko‘lamiga ko‘ra, ikki toifaga ajratilib, muhim to‘lov tashkiloti tushunchasi kiritiladi.

Avvalroq Spot Toshkentda bank eksperti $10 ming pora bilan qo‘lga tushgani haqida yozgan edi. Mutaxassis Samarqanddagi bankdan 1,25 mlrd so‘mlik kredit olib berishni va’da qilib, korxona rahbaridan $10 ming olgan.