Toshkentda bank eksperti $10 ming bilan qo‘lga tushdi, deya xabar berdi DXX.

Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda poytaxtda faoliyat yurituvchi nufuzli tijorat banklaridan birining katta eksperti xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan korxona rahbaridan $10 mingni tamagirlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, ushbu mutaxassis o‘zining tanishlari orqali, Samarqand viloyatida joylashgan banklarning biridan korxonaga 1,25 mlrd so‘m miqdorida kredit olib berishni va’da qilgan.

Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Spot Qurilish vazirligi bosh mutaxassisi $1500 bilan ushlangani haqida yozgan edi. Vazirlik vakili uy-joylarga xizmat ko‘rsatish huquqini o‘tkazib berish evaziga $2200 talab qilgan.