O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket yetti oylik o‘sishdan keyin pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.
1-aprel holatiga ko‘ra, regulyator ixtiyoridagi xalqaro aktivlarning umumiy qiymati $68,99 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Zaxiralar bir oyda $8,09 mlrddan ko‘proqqa yoki -10% gacha kamaygan. Buning asosiy sababi esa mart oyi davomida oltin narxining $5174,1 dan $4553,95 gacha tushishi bo‘ldi.
Xususan, Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati ketma-ket sakkiz oylik o‘sishdan keyin $6,82 mlrdga kamayib, $60,85 mlrdni tashkil etdi. Biroq oltinning fizik hajmi 0,3 mln troy unsiyaga oshib, 13,4 mln troy unsiyagacha (416,8 tonna) yetdi.
O‘zbekistonning valyuta zaxiralari qisqarishda davom etmoqda, mart oyida uning hajmi $1,26 mlrdga (-14,3%) kamayib, $7,57 mlrdni tashkil etdi. Bunda xorijiy markaziy banklar va XVJdagi valyuta zaxiralari miqdori o‘sish bilan $1,3 mlrd, xorijiy banklarda esa $4,71 mlrd bo‘lgan.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan xorijiy qimmatli qog‘ozlarning qiymati $1,545 mlrdga yetdi. Ularning umumiy zaxiralardagi ulushi esa 2,24% ni tashkil etdi.
2025-yilda O‘zbekistonda oltin quymalar daromadliligi 54,5% ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich banklardagi so‘m va dollardagi depozitlar daromadliligidan sezilarli yuqori bo‘ldi. O‘zbekistonliklar bir yilda yarim tonnadan ko‘proq oltin quymalar sotib oldi.
Avvalroq Spot Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi 32,74 so‘mga oshib, 12 208, 08 so‘mni tashkil etgani haqida yozgan edi.