Malta hukumati tirbandliklarga qarshi kurashish dasturini ishga tushirdi. Bu haqda Times of Malta nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, 30 yoshgacha bo‘lgan haydovchilar besh yilga guvohnomani ixtiyoriy ravishda topshirib, buning uchun 25 ming yevro olishlari mumkin.
“Driving License Surrender Scheme” deb nomlangan tashabbus 2026-yil yanvar oyida boshlangan va birinchi yil uchun arizalar 30-iyungacha qabul qilinadi. 2026-yil uchun umumiy budjet 5 mln yevroni tashkil etadi.
Ishtirokchilar besh yil davomida Maltada ham, undan tashqarida ham hech qanday transport vositasini boshqarmaslik majburiyatini oladilar.
Har yili ular 5 ming yevro oladilar, kompensatsiyaning umumiy miqdori esa 25 ming yevroga yetadi. Birinchi to‘lov ariza ma’qullanib, huquqlar topshirilgandan so‘ng o‘tkaziladi, keyingilari esa birinchi to‘lovning bir yilligida amalga oshiriladi.
Ishtirok etish uchun bir qator talablarga javob berish kerak:
- yosh — 30 yoshgacha;
- Maltada kamida yetti yil doimiy yashash;
- kamida 12 oy davomida B toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish;
- haydovchilik guvohnomasi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat tomonidan berilgan bo‘lishi lozim.
Dasturda muayyan cheklovlar ham mavjud. Ish faoliyati amaldagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishni talab qiladigan shaxslar (masalan, professional haydovchilar), shuningdek, xizmat mashinasidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan davlat mansabdor shaxslari va ularning turmush o‘rtoqlari kompensatsiya uchun da’vogarlik qila olmaydi.
Agar dastur ishtirokchisi besh yil ichida mashina boshqarayotganda qo‘lga tushsa, u guvohnomasiz mashina haydaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishdan tashqari, 5 ming yevro miqdorida jarima to‘lashi hamda qoidabuzarlik sodir etilgan sanadan shartnoma muddati tugagunga qadar hisoblangan grantning butun summasini qaytarishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, ishtirokchi dasturda qatnashishni muddatidan oldin to‘xtatishga qaror qilsa, u Transport Malta’ga grantning qolgan qismini qaytarishi lozim bo‘ladi.
Masalan, 13-oyda ishtirokdan voz kechsa, 20 ming yevro qaytarishiga to‘g‘ri keladi. Voz kechish uzrli sabablarga ko‘ra yuz bergan hollar bundan mustasno.
Besh yillik muddat tugagach, ishtirokchilar yangi haydovchilik guvohnomasini olishlari mumkin bo‘ladi, biroq buning uchun ular avtomaktabda 15 soatlik majburiy ta’limdan o‘tishlari kerak. Dasturning dastlabki haftalarida 100 nafarga yaqin kishi ariza topshirgan.
Maltada ro‘yxatga olingan avtomobillarning umumiy soni o‘sishda davom etmoqda, birgina 2025-yilning so‘nggi choragida ularning soni 3,2 mingtaga ko‘paydi, bu esa kuniga o‘rtacha 35 ta mashinadan to‘g‘ri keladi. Maltada avtomobillar zichligi har 1000 nafar aholiga 797 tani tashkil etadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yo‘l kameralari “prava"si yo‘q haydovchilarni avtomatik aniqlashni boshlagani haqida yozgandi.
Bunday kameralar shaxsning yuzini aniqlash funksiyasiga ega bo‘lib, qoidabuzarliklarga nisbatan onlayn ravishda chora ko‘riladi.