Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifi vaqtida shaharning yangi aeroportini barpo etish loyihasi bilan tanishdi.

Prezident 2024-yilda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Buxoroning yangi xalqaro aeroportini barpo etish bo‘yicha muhim topshiriq bergandi.

Ushbu transport inshooti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan.

Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘li ham qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etib, shundan 2,7 kilometri mutlaqo yangi yo‘l, 21,1 kilometri esa rekonstruksiya qilinadi.

Shuningdek, yo‘l bo‘yida 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yer osti piyodalar o‘tish joyi va 8 ta ko‘prik barpo etilishi nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, yangi aeroportda uzunligi 3,3 kilometr bo‘lgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qo‘nish yo‘lagi, shuningdek, soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi quriladi.

“Biz Buxoro viloyati aholisi, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay xizmat ko‘rsatadigan aeroport barpo etishni maqsad qilganmiz. Shunday ekan, ushbu aeroport jahon standartlari talablariga to‘liq mos bo‘lishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbariga Buxoro viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham axborot berildi.

Mart oyida hukumat Buxoro xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik modeli asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tender e’lon qilgandi. Xususiy sherik terminal qurilishiga, davlat aerodrom infratuzilmasini boshqarishga mas’ul bo‘ladi.


Avvalroq Spot Buxoroning har bir tumanida 50 bosh naslli qoramolga mo‘ljallangan mini fermalar tashkil etilishi haqida yozgandi.

Buxoro shahrida barpo etilayotgan yangi turizm markazida 5 ta xalqaro brendli mehmonxona ochiladi. Buxoro tarixiy markazida esa alohida ma’muriy boshqaruv tizimi joriy etiladi.