O‘zbekiston va Qozog‘iston chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihasini amalga oshirishga kelishib oldi.
Bugun Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoroda uchrashib, ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralar chog‘ida Qozog‘iston prezidentining o‘tgan yil noyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish va boshqa sohalarda bir qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish, to‘siqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Tomonlar Qambarota gidroelektr stansiyasini qurish va “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish masalalarini ham muhokama qildilar.
Bundan tashqari, suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni, jumladan, chegara hududlarida “Toza havo” loyihalarini ilgari surish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, shu jumladan kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlikni kengaytirishga sodiqliklarini bildirdilar.





Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, shu jumladan Madaniyat kunlari va yoshlar forumlarini o‘tkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohalarida sheriklikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Uchrashuvda bosh vazir o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin kelajakda o‘zaro savdoni $10 mlrdga yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.
Muzokaralar yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish topshirildi.
Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevning “Toza havo” tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, uning Qozog‘istonning yirik shaharlari uchun ham dolzarbligini ta’kidlagan.
“Toza havo borasidagi tashabbusingizni alohida qo‘llab-quvvatlayman. Men Toshkentning ekologik holati bo‘yicha sizning xavotiringizga qo‘shilaman. Bizda, Olmaotada vaziyat juda og‘ir. Afsuski, Almati dunyoning eng ifloslangan yirik shaharlari ro‘yxatiga kirdi va zudlik bilan choralar ko‘rish kerak. Shu bois, agar e’tiroz bildirmasangiz, bugun prezidentlar homiyligida ikki mamlakat hukumatlari ijrosida „Toza havo“ tashabbusini birgalikda amalga oshirishni taklif qilishimiz mumkin. O‘ylaymanki, davlatlarimiz jamoatchiligi va xalqaro hamjamiyat bunga yaxshi munosabat bildiradi. Darhaqiqat, bu tashabbus doirasida juda ko‘p ishlarni amalga oshirish mumkin. Bu mahalliy hokimiyatni ham, tadbirkorlarni ham ekologiya va umuman tabiatni muhofaza qilish borasida yanada mas’uliyatli bo‘lishga majbur qiladi,” — deya Qozog‘iston yetakchisining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Oqo‘rda.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi yangi aeroport loyihasi bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Maydoni 370 gektarni tashkil qiladigan aeroport 3,3 km uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega bo‘ladi va soatiga 1200 yo‘lovchiga xizmat ko‘ra oladi.




