Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda davlat zaxirasidagi yerlarda tarkibida oltin bo‘lgan rudalarni qazib olib, kimyoviy qayta ishlov berish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslarning harakatlari fosh etildi.
Aniqlanishicha, ularga Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan fuqaro boshchilik qilgan bo‘lib, u Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi parrandachilikka ixtisoslashgan xo‘jalik binosini ijaraga olib, yashirin sex tashkil etgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 200 kg yarim tayyor oltin, 200 dona qopda oltin moddasi bo‘lgan qum va toshlar, 300 kg kimyoviy vositalar, 1 dona maxsus laboratoriya jihozi, 8 dona gaz ballon, 1 dona maxsus tegirmon va boshqa asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga va ekologiyaga yetkazilgan zarar taxminan 7 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 196²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navbahor tumanida kuzatilgan holatda esa mahalliy korxona rahbari soxta ruxsatnoma asosida, “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududidagi 8 gektar maydonda 19 nafar fuqaroni jalb qilgan holda oltin qazib olish bilan shug‘ullangan.
Tezkor tadbir davomida 6 kg yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq tarkibida oltin moddasi bo‘lgan rudalar, 1,4 kg kimyoviy vositalar, 4 ta yuk avtomobili, 4 ta yuklovchi traktor hamda asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6,1 mlrd so‘mlik qazilma boyliklar talon-toroj qilingan.
Hozirda holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlanib, ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda $8 mlrddan ko‘proqqa kamaygani haqida yozgandi.
Mart oyida oltin narxining pasayishi fonida xalqaro zaxiralar ketma-ket yetti oylik o‘sishdan keyin 10% ga qisqarib, $68,99 mlrdni tashkil etdi.