O‘zbekistonda shaxsiy foydalanish uchun biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) bojsiz olib kirish normasi oshirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 9 apreldagi qaroriga tayanib, Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, endi jismoniy shaxslar xorijdan 10 tagacha nomdagi BFQni birlamchi o‘ramda, har bir turdan bir o‘ramdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda olib kirishlari mumkin. Bunda ularning umumiy og‘irligi 3 kg dan oshmasligi kerak.

Ilgari jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun BFQlarni bojsiz olib kirish me’yorlari ularning shakliga qarab belgilangan edi:

  • suyuq shaklda va qiyom ko‘rinishida — 10 flakon;
  • kukun shaklida — 0,5 kg;
  • tabletkalar — 100 dona;
  • kapsulalar — 100 dona yoki PET paketlarda 4 dona;
  • quritilgan holda (o‘simlik guli, poyasi va ildizi) 0,5 kg.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, ilgari 100 donagacha BFQni tabletka yoki kapsula shaklida olib kirishga ruxsat berilgan.

Biroq, amaliyotda bir o‘ramda aynan shu turdagi 100 donadan ortiq BFQ bo‘lgan holatlar tez-tez uchrab turgan.

Shuningdek, jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun biologik faol qo‘shimchalarni bojsiz olib kirish me’yorlarini oshirishda aholining taklif va mulohazalari hamda real ehtiyojlari inobatga olindi.


Avvalroq Spot bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda umumiy bojxona yig‘imlarini 30% dan ko‘proqqa kamaytirishni topshirgani haqida yozgandi.